13:37 / 10.12.2015
5498

Ostona Qozog‘iston poytaxtiga aylanganiga 18 yil to‘ldi

Bugun, 10 dekabr kuni Oqmo‘la shahri Qozog‘iston poytaxti deb e'lon qilinganiga 18 yil to‘ldi. Bu haqda Qozog‘istonning bir qator onlayn nashrlari yozmoqda.

1998 yilning 6 mayida Oqmo‘la shahrining nomi davlat rahbarining farmoniga binoan Ostona deb o‘zgartirilgan edi.

“Qozog‘iston Respublikasi poytaxtini ko‘chirish to‘g‘risida”gi qaror Oliy Kengash tomonidan 1994 yil 6 iyulida qabul qilingan edi. 1995 yil 15 sentabrida prezident qonun kuchiga ega “Qozog‘iston Respublikasi poytaxti to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. 1997 yil 20 noyabrida esa Nursulton Nazarboyev “Oqmo‘la shahrini Qozog‘iston Respublikasining poytaxti deb e'lon qilish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

1997 yil 8 noyabrida shaharga davlat ramzlari etalonlari olib kelindi, 10 dekabr kuni esa parlament palatalari hamda hukumatning prezident ishtirokidagi qo‘shma majlisi o‘tkazilib, unda poytaxt ko‘chirilgani rasman e'lon qilindi.

Bugungi kunda Ostona Qozog‘istonning eng yirik shaharlaridan biri hamda siyosiy, madaniy va ishlab chiqarish markazidir. Shahar aholisi 2015 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra 852 985 kishini tashkil etgan. U aholi soni bo‘yicha Olmaota va Chimkent shaharlaridan keyingi o‘rinda turadi.

Top