00:32 / 11.12.2015
4986

Assanj: “shaxsiy hayot” tushunchasi boshqa mavjud emas

WikiLeaks portali asoschisi Julian Assanj shaxsiy hayot huquqi uchun kurash mag‘lubiyatga uchradi, deb aytmoqda. Uning fikricha, ommaviy elektron kuzatuv arzonlashib ketgani tufayli butun dunyo bo‘ylab yoyilib ketdi.

“Gap shundaki, biz o‘zimizning shaxsiy erkinligimizni himoya qilish imkoniyatini yo‘qotdik. Ommaviy kuzatuv barcha, nafaqat katta, balki kichik davlatlarda ham qo‘llanadi”, deb aytdi Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasidan Russian Today telekanalining 10 yilligiga bag‘ishlangan “Axborot, siyosat, OAV: yangi dunyo tartibini shakllantirish” anjumanida videoaloqa orqali so‘zlagan nutqida.

Assanj AQSh o‘zining ittifoqchilari bilan xalqaro kommunikatsiya aloqalari ortidan ommaviy kuzatuvni shunchalik tarqatdilarki, faqat bu sohadagi, shu jumladan terrorchilar orasidagi ekspertlargina kuzatuvdan qocha oladi.

“Oddiy fuqaro uchun shaxsiy hayot tushunchasi mavjud emas. Biz qonunlar, ular qanday bo‘lishi haqida gapiramiz, biroq omma uchun yopiq shaxsiy hayot tugadi”, deb ishonch bilan aytmoqda Assanj.

Assanjning aytishicha, shaxsiy hayot tushunchasining qaytmasligining sababi ommaviy kuzatuv narxi har 18 oyda 50 foizga arzonlashayotganidan iborat.

“Shuning uchun insoniy qadriyatlar va ommaviy josuslik va kompyuterlashtirish o‘rtasidagi bellashuvda oxirgilarning qo‘li baland keladi va biz bu bilan yashashimizga to‘g‘ri keladi”, deb ta'kidlamoqda Assanj.

Biroq shunga qaramay Assanj jamiyat ushbu o‘zgarishlarga moslasha olishini aytmoqda. “Jamiyat moslashmoqda. Agar biz kichik, tashqi dunyodan izolyatsiyalangan hamjamiyatlar, misol uchun, Shvetsiya, Janubiy Koreya, Okinava, Shimoliy Koreyadagi jamiyatlarning o‘zini tutishiga qarasak, unda jamiyat moslashayotganini ko‘ramiz. Odamlar kodli so‘zlardan foydalanmoqdalar, o‘z fikrlarini berkitishga harakat qilmoqdalar – mana, nima sodir bo‘lmoqda. Biz shunday jamiyatga qarab ketmoqdamiz”, deb aytmoqda Assanj.

Top