19:18 / 11.12.2015
3434

Rossiya va Qozog‘istonga qatnovchi poyezdlar chiptalariga chegirmalar e'lon qilindi

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» aksionerlik jamiyati ma'muriyati 2016 yil uchun yo‘l hujjatlarining sotilish muddatidan kelib chiqqan holda chegirmalar joriy etilganini e'lon qildi. Bu haqda jamiyat rasmiy sayti ma'lumotiga asoslanib «Review.uz» xabar bermoqda.

Ular 2015 yil 10 dekabrdan boshlab sotiladigan va 2016 yil 11 yanvargacha jo‘naydigan poyezdlar uchun mo‘ljallangan chiptalar uchun amal qiladi.

Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnaydigan xalqaro qatnov poyezdlari va ular bilan boradigan peresadkasiz, tirkama xalqaro qatnov vagonlarida quyidagi chegirmalar o‘rnatildi:

1. Kupe vagonlari va yotoq vagonlar (birinchi toifali. – Kun.uz) uchun platskarta narxi va tarifning chipta qismi uchun quyidagi hajmda chegirmalar joriy qilinadi:
yo‘l hujjatlari poyezd jo‘nab ketishidan 45—31 kun avval xarid qilinsa — 45%;
yo‘l hujjatlari poyezd jo‘nab ketishidan 30—6 kun avval xarid qilinsa — 35%.

2. Platskartali vagonlar uchun platskarta narxi va tarifning chipta qismi uchun quyidagi hajmda chegirmalar joriy qilinadi:
yo‘l hujjatlari poyezd jo‘nab ketishidan 45—31 kun avval xarid qilinsa — 35%;
yo‘l hujjatlari poyezd jo‘nab ketishidan 30—6 kun avval xarid qilinsa — 25%.

3. Yo‘l hujjatlari poyezd jo‘nab ketishidan 5 yoki undan kam kun oldin sotib olinsa, platskartali, kupeli va yotoq vagonlar uchun platskarta narxi va tarifning chipta qismi uchun 5 foizli ustama belgilanadi.

Top