19:18 / 12.12.2015
2735

AR: Burundidagi tartibsizliklar tufayli 28 kishi qurbon bo‘lgan

Burundi poytaxti Bujumbura yaqinida mamlakat harbiy bazalariga uyushtirilgan hujumdan so‘ng 28 kishining jasadi topilgan. Bu haqda Associated Press agentligi hududdagi guvohlar bergan ma'lumotlarga asoslanib xabar bergan.

12 dekabr kuni shaharning uchta nuqtasida jasadlar aniqlangan.

11 dekabr kuni 32 nafar isyonchidan iborat guruh Bujumburadagi uchta, shahar tashqarisidagi bitta harbiy bazaga hujum qilgan.

Ular harbiy asirlarni ozod qilish va qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritish maqsadida edi.

Hukumat kuchlari ulardan 12 nafari yo‘q qilingani, 20 kishi qo‘lga olingani haqida ma'lumot bergandi.

Ma'lumot uchun, Burundida mamlakat prezidenti Per Nkurunziza shu yil aprel oyida uchinchi muddatga saylanish rejasini e'lon qilganidan beri tartibsizliklar davom etmoqda. To‘qnashuvlar tufayli hozirgacha 240 nafardan ziyod odam nobud bo‘lgan.

BMT vakili Burundi hukumati vaziyat ustidan nazoratni qo‘ldan chiqarayotgani haqida aytib o‘tgandi.

Undan oldinroq, Burundi poytaxti aholisi qatag‘ondan qo‘rqib, shaharni tashlab ketayotgani aytilgandi.

Top