06:09 / 12.12.2015
3908

Birinchi hind superkarining “quvvatlangan” versiyasi yaratildi

Hindistonning DC Design kompaniyasi 2012 yilda namoyish qilingan o‘zining birinchi Avanti superkarining “quvvatlangan” versiyasini yaratdi. Yangi mashina Avanti 310 special edition deb nomlandi. Mashinaning motori quvvati 250 ot kuchidan 310 ot kuchigacha oshirildi. Bundan tashqari, o‘zgartirilgan aerodinamik obves (tashqi bezak detallari) va pasaytirilgan podveska paydo bo‘ldi.

Motor Renault Megane RS xot-xetchidan olingan. Uzatmalar qutisi – olti pog‘onali “mexanik” ko‘rinishda. Qo‘shimcha haq evaziga avtomatlashtirilgan uzatmalar qutisini olish mumkin.

Yangi aerodinamik obves karbondan ishlangan splitter, yon “yubkalar”, orqa diffuzor va aksqanotni o‘z ichiga oladi. Podveska 20 millimetrga pasaytirildi va endi mashina kuzovi bilan yo‘l o‘rtasidagi oraliq 150 mm ni tashkil qiladi. Shuningdek, kuzovning ikki rangdagi bo‘yog‘ining yangi variantlari paydo bo‘ldi.

Mashina sotuvga 2016 yil aprelidan chiqariladi. Mashinaning narxi 65 ming dollarni tashkil qiladi. Kompaniya hammasi bo‘lib bunday mashinadan 31 dona chiqarmoqchi.

Ma'lumot uchun, DC Design kompaniyasiga 1993 yilda mumbaylik dizayner Dilip Chabriya asos solgan. Kompaniya mavjud avtomobil markalarini qayta jihozlash bilan shug‘ullanadi va onda-sonda o‘zining kontseptlarini yaratadi. 2013 yilda kompaniya yaratgan futuristik kontsept tasviri asosida barcha yo‘llarda yura oluvchi Renault Duster avtomobili yaratilgan.

Top