21:27 / 12.12.2015
5271

BMT hisoboti: Qunduzni "Tolibon" istilo qilishi tufayli 289 kishi halok bo‘lgan

Shu yilning sentabr oyi oxirida "Tolibon" jangarilari Afg‘oniston shimolidagi Qunduz shahrini bosib olish jarayonida va shahar egallab turilgan 1 haftadan oshiq vaqt davomida (28 sentabrdan 13 oktabrgacha) amalga oshirilgan harbiy harakatlar tufayli 289 kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, bu 1 hafta ichida 559 kishi turli darajada jarohatlar olgan. Bu haqda BMT hisobotida ma'lum qilindi.

Ma'lum qilinishicha, bu miqdor ichiga AQSh samolyoti tomonidan xatolik tufayli "Chegara bilmas shifokorlar" shifoxonasiga qilingan hujum tufayli olamdan o‘tgan 42 kishi ham kiritilgan.

Qunduzdagi vaziyatni tekshirgan missiya xodimlarining qayd etishicha, tadqiqot ishlarini olib borish o‘lkadagi xavfli vaziyat tufayli bir muncha qiyin kechgan. Shuning uchun, talofatlar bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.

Halok bo‘lganlarning aksari (Shifoxonaga aviazarba berilishidan tashqari) otishmalar vaqtida va portlashlar tufayli jon bergan.

Bir necha kun oldin, Afg‘oniston milliy xavfsizlik direktorati boshlig‘i Rahmatilla Nabilya Qunduzdagi vaziyat tufayli iste'foga chiqqani ma'lum bo‘lgandi.

Germaniya federativ respublikasi Mudofaa vaziri Ursula fon der Lyayyen Mozori-Sharif shahriga qilgan tashrifi vaqtida Xalqaro koalitsiya Afg‘onistondan chiqishi haqida barvaqt ma'lum qilib yuborgani jiddiy xato bo‘lganini tan olgandi.

Biroz oldinroq, Ashxoboddagi xalqaro anjuman vaqtida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov "Xalqaro koalitsiyaning Afg‘onistondan olib chiqilishi mintaqadagi vaziyatni yanada og‘irlashtirgani" haqida aytib o‘tgandi.

Top