16:13 / 12.12.2015
28921

Islom Karimov Afg‘onistondan harbiy koalitsiya kuchlarining olib chiqilishiga e'tiroz bildirdi

"Xalqaro koalitsiyaning Afg‘onistondan olib chiqilishi mintaqadagi vaziyatni yanada og‘irlashtirdi", deydi Islom Karimov Ashxoboddagi xalqaro konferensiyadagi chiqishi vaqtida.

"Afg‘onistondagi vaziyatga diqqat bilan e'tibor qaratish zarur. Afg‘onistondan harbiylarning olib ketilishi va bu mamlakatga moliyaviy yordam ko‘rsatilishi kamayishi vaziyatni yanada yomonlashtirdi", deya iqtibos keltiriladi prezident nutqidan Sputnik nashrida.

Islom Karimovning fikricha, ayni vaqtda dunyoda xalqaro va global xavfsizlik arxitekturasi butunlay o‘zgarib ketdi.

"Terrorchilikni rag‘batlantiruvchi hamda moliyalashtiruvchi markazlar vujudga kelgan va ular jazolanmay qolmoqda", deydi prezident.

Islom Karimov yana bir marta O‘zbekistonning xalqaro maydondagi pozitsiyasini ta'kidlab o‘tgan.

O‘zbekiston rahbarining ta'kidlashicha, O‘zbekiston hududida xorijlik harbiylarning faoliyatiga yo‘l qo‘yilmaydi va o‘zbekistonlik askarlar boshqa davlat hududidagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etishmaydi.

Islom Karimov Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Ashxobod shahrida bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston prezidenti tashrif doirasida BMT Bosh assambleyasi tomonidan Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomi tan olinganining 20 yilligiga bag‘ishlangan “Betaraflik siyosati: tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lida xalqaro hamkorlik” xalqaro konferensiyasida ishtirok etmoqda.

Ma'lumot uchun, 2001 yilda BMT Xavfsizlik kengashining 1386 rezolyutsiyasiga binoan Afg‘onistonning muvaqqat hukumatiga yordam berishi uchun xalqaro koalitsiya kuchlari tashkil etilgandi. Bu kontingent o‘tgan vaqt davomida Afg‘oniston armiyasini o‘qitish va mamlakat xavfsizligini ta'minlash bilan shug‘ullanib keldi. 2014 yilning 31 dekabrida esa bu koalitsiyaning missiyasi tugallangani e'lon qilindi. 2015 yilning 1 yanvarida NATO Afg‘onistonda 12 ming kishidan iborat harbiy bo‘linma Afg‘oniston hukumatiga yordam uchun qoldirilishini ma'lum qildi.

Afg‘onistondagi vaziyat oxirgi oylarda yomonlashdi. Avvaliga asosan tog‘li hududlarda faoliyat ko‘rsatgan tolibonlar endilikda tekislikdagi hududlarni egallashga kirishdi. Shuningdek, mamlakat shimolida IShIDning bo‘linmasi paydo bo‘ldi. "Tolibon" va IShID raqobatchi hisoblanadi. Shu yilning iyunida OAVlarda "Tolibon" IShIDga o‘z ishlariga xalaqit bermaslik talab qilingan maktub yo‘llagani xabar qilindi. Ayni vaqtda Afg‘onistonda to‘qnashuvlar va teraktlar soni ortgan.

Biroz oldinroq, IShID Afg‘oniston shimolida yangi baza tashkil etayotgani xabar qilingandi.

Top