18:14 / 12.12.2015
24111

Namanganda 32 kishidan iborat “bunker” fosh etildi

Namangan viloyatida abituriyentlarni noqonuniy o‘qishga kiritish maqsadida tashkil etilgan “bunker” fosh etildi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Aytilishicha, Pop tumanida istiqomat qiluvchi Otabek Valiyev o‘tgan yilning iyun-iyul oylarida Namangan muhandislik pedagogika instituti o‘qituvchisi Aziz Xodjayev, Moliya vazirligi huzuridagi BTPJ Mingbuloq tuman bo‘limi boshlig‘i R. Hasanov, Namangan muhandislik texnologiya instituti o‘qituvchisi N. Topildiyev, ATB “Mikrokreditbank” Pop filiali yetakchi mutaxassisi J. Raymaliyev, Pop tibbiyot kolleji omborchisi Z. Komilov, NamMTI o‘qituvchisi O. Yuldashev, Chust akademik litseyi o‘qituvchisi M. Umarov, jami 32 kishidan iborat uyushgan guruh – “bunker” tuzgan. Ularning faoliyati uchun To‘raqo‘rg‘on tumani va Namangan shahrida maxsus joylar tashkil etilgan. Bu xonalar kompyuter va boshqa jihozlar bilan ta'minlangan. Guruhning maqsadi imtihon kuni turli noqonuniy yo‘llar bilan talabalarni o‘qishga kiritish bo‘lgan.

Shu maqsadda Otabek Valiyev o‘ziga murojaat qilgan 57 abituriyentlardan pul olib, ularni o‘qishga kiritishga va'da qilgan. To‘plangan jami pul 18.5 ming dollarni tashkil qilgan.

2014 yilning 1 avgust kuni O. Valiyev yetakchiligidagi jinoiy guruh abituriyentlardan yuboriladigan test savollarini kutib turgan vaqtda MXX va IIB tezkor xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Bu katta ish viloyatda qizg‘in muhokama qilindi. 30dan ortiq odam aralashgan bu ish bo‘yicha sud o‘z xulosasini berdi. Guruh ishtirokchilariga qanday jazolar tayinlangani materialda aniqlashtirilmagan.

Top