19:16 / 14.12.2015
2786

Ukraina TAPH gaz quvuri qurilishida ishtirok etmoqchi ekanligini bildirdi

Ukraina Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) gaz quvuri qurilishida ishtirok etmoqchi. Bu haqda “Liga.Biznes” nashri ma'lum qilmoqda.

Ta'kidlanishicha, Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Gennadiy Zubko turkmanistonlik hamkasbi Yagshigeldi Qaqayev bilan uchrashganda Ukraina sanoat korxonalarining gaz quvuri o‘tkazilishida zaruriy qurilma va butlovchi qismlar yetkazib berishga tayyorligini ma'lum qildi.

“Ukraina quvur mahsulotlari yetkazib berish va qurilish-montaj ishlarini bajarishga tayyor”, deb aytdi Zubko. Uning aytishicha, Kiyev Turkmanistonning neft mahsulotlari, xususan dizel yonilg‘isi importiga qiziqish bildirmoqda.

13 dekabrda Turkmanistonning Mari shahrida gaz quvurining birinchi g‘ishti qo‘yildi. Gaz quvuridan 30 yil davomida foydalanish mo‘ljallangan. Gaz quvuri uzunligi 1,8 ming km ni tashkil qiladi. Undan yiliga 38 mlrd kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

BP kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, Turkmanistonning isbotlangan neft zaxirasi 0,6 mln tonnani tashkil qiladi, mamlakatda bir kunda 239 ming barrel neft qazib olinadi. Taqqoslash uchun, Rossiyaning neft zaxiralari 103,2 mln tonnani tashkil qiladi, kuniga 10,8 mln barrel neft qazib olinadi.

Top