21:28 / 15.12.2015
3749

Turkmaniston fuqarolariga maoshlarining bir qismi obligatsiyalarda berila boshlanadi

2016 yilning 1 yanvaridan Turkmaniston fuqarolari maoshlarining bir qismini davlat zayomi obligatsiyalarida ola boshlaydilar. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” nashri xabar bermoqda.

Dekabr boshida mamlakatning bank tuzilmalari, moliya bo‘limlari, soliq xizmatlariga maoshlarning 12 foizini obligatsiyalar bilan to‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berila boshlandi. Mari viloyati moliya bo‘limining vakili amalda rahbarlar o‘z xodimlariga ko‘proq sonda obligatsiyalarni o‘tkazishga harakat qilishlarini aytmoqda, shuning uchun quyi turuvchi tuzilmalarga “maoshning 15 foizi va undan ko‘prog‘ini obligatsiyalarda berish” tavsiya qilingan ko‘rsatmalar beriladi.

Turkmaniston hukumatining bu qarori oktabrda qabul qilingan edi. Aholidan olingan mablag‘lar 2017 yilda Ashxobodda bo‘lib o‘tadigan yopiq inshootlarda o‘tkaziladigan Osiyo sport o‘yinlari obektlarini qurish va rekonstruksiya qilishga sarflanishi taxmin qilinmoqda.

Bu Ashxobod tomonidan pul siyosatida kiritilayotgan birinchi cheklov emas. Mamlakat hukumati xorijiy valyutaga katta ehtiyoj sezayotgani bois, respublikada valyuta sotib olish bo‘yicha turli cheklovlar kiritilgan.

Top