15:48 / 16.12.2015
3178

2016 yilda Jizzaxda polimer mahsulotlarni qayta ishlovchi klaster ish boshlaydi

2016 yilda “Jizzax plastmassa” zavodi bazasida polimer mahsulotlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan yirik sanoat klasteri qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Sputnik axborot agentligi “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatidagi axborot manbasiga asoslanib xabar bermoqda.

Kimyoviy klaster polivinilxlorid (PVX), polipropilen va polietilenni qayta ishlab, undan yuqori sifatli tayyor mahsulot tayyorlashga ixtisoslashadi.
Bundan tashqari, kompozitsion materiallardan turli xil mahsulotlarni ishlab chiqarish ham o‘zlashtiriladi.

“Hozirda biz mazkur loyihaga korxonaning 9,2 million dollarga hisoblangan 86 foiz aksiyalarini realizatsiya qilish yo‘li bilan strategik xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz.

Buning uchun biz Koreyaning Taekwang kompaniyasi bilan “Jizzax plastmassa” bazasida qo‘shma korxona tashkil etish imkonini beradigan “O‘zaro tushunish to‘g‘risida”gi memorandumini imzoladik.
Ayni paytda koreys tomoni taklifimizni ko‘rib chiqmoqda”, - deya oydinlik kiritgan agentlik suhbatdoshi.

Bundan tashqari, mutaxassisning qayd etishicha, o‘zbek tomoni mazkur loyihada boshqa xorijiy sheriklar ishtirokini ham istisno etmayapti.
Jumladan, Toshkentdagi o‘zbek-koreys biznes-forumida mazkur taklif boshqa kompaniyalarga taqdim etilgan.

“Navoiyazot” bazasida tashkil etiladigan ishlab chiqarish quvvati yiliga 100 ming tonna mahsulotni tashkil etuvchi PVX tayyorlab berish bo‘yicha kompleks yangi klaster uchun xomashyo bazasi vazifasini bajaradi.

Rejaga ko‘ra, zavod 2018 yilda ishga tushiriladi.

Top