16:17 / 16.12.2015
8832

Andijon davlat tibbiyot institutiga yangi rektor tayinlandi

Hukumat qaroriga asosan Abdushukur Sodiqov Andijon davlat tibbiyot institutining yangi rektori etib tayinlandi.

41 yoshli Sodiqov 2013 yilning iyun oyidan hozirgi vaqtga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi nazorat inspeksiyasi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgandi.

Toshkent davlat tibbiyot institutining bitiruvchisi 2004 yilda nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 2005-2006 yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasida assistent, 2006 yildan shu dargohda dotsent lavozimida ishlagan. 2010 yildan 2013 yilning iyuniga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi nazorat inspeksiyasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgandi.

Oliygohning oldingi rektori sanalgan Alisher Shodmonov hozirgi vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ta'lim, fan madaniyat va sport masalalari Qo‘mitasiga rahbarlik qilib kelmoqda.

Andijon davlat tibbiyot instituti 1955 yilda tashkil topgan. Dargohda har yili 440-450 nafar shifokor bitiruvchilar yetishib chiqadi.

Top