16:55 / 16.12.2015
3392

Independent: Malala Yusufzoy ham Trampni musulmonlarga qarshi malomatlari uchun qattiq qoraladi

Pokistonlik huquq himoyachisi Malala Yusufzoy AQSh siyosatchisi Donald Trampning mamlakat hududiga musulmonlarning kirishini taqiqlash bo‘yicha bergan bayonotini qoralab chiqdi va bunday izohlar terrorchilikning yanada radikallashiga xizmat qilishini ta'kidlab o‘tdi. Bu haqda The Indepedent nashri xabar tarqatmoqda.

18 yoshli Nobel mukofoti sohibi Trampning so‘zlaridan g‘azablanganlar guruhiga qo‘shildi. Ular Trampning so‘zlarini «fojiali» va «o‘ta jirkanch» holat, deya baholashmoqda. Yusufzoyning so‘zlariga ko‘ra, AQShdagi respublikachilar partiyasi g‘oyasi o‘zgalarni kamsitish ustiga qurilgan. U partiyani tahdidlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
«Agar siz terrorizmga chek qo‘yish niyatida bo‘lsangiz, bunda barcha musulmonlarni ayblashni bas qiling. Chunki ular buni to‘xtata olmasligi mumkin. Bu faqatgina yangi terrorchilar paydo bo‘lishiga olib keladi», — deya ta'kidlab o‘tgan huquq himoyachisi.

Qizning otasi Ziyovuddin Yusufzoy ham farzandini qo‘llab-quvvatlamoqda. Uning fikricha, amerikaliklarning o‘zi Trampga qarshi hech qanday chiqish qilishmayapti. Ularning terrorchilikka qarshi kurashish tizimi ishlayotgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq CNN siyosiy sharhlovchisi Donald Trampni Gitlerga qiyoslagandi.

Top