21:13 / 16.12.2015
2947

LG kompaniyasi egilgan G Flex 3 smartfoni ishlab chiqarishdan voz kechmoqchi

2016 yil kirib kelishi bilan Las-Vegasda an'anaga ko‘ra Consumer Electronics Show ko‘rgazmasi – yuqori texnologiyalar dunyosidagi eng yirik tadbirlardan biri ochiladi.

Bir yil avval o‘tgan CES 2015 ko‘rgazmasida ko‘plab yangiliklar, jumladan LG G Flex 2 – LG kompaniyasi tarixidagi ikkinchi egilgan va dunyodagi Qualcomm Snapdragon 810 platformasidagi birinchi smartfonlardan biri namoyish etildi. Shubhasiz, kelayotgan yilda qiziqarli namoyishlar kam bo‘lmaydi, biroq ular orasida LG G Flex 3 smartfoni namoyish qilinmaydiganga o‘xshaydi.

Janubiy Koreyadagi manbalarning ma'lum qilishicha, LG kompaniyasi CES 2016 ko‘rgazmasida o‘zining uchinchi avloddagi egilgan smartfonini namoyish qilishni rejalashtirmayapti. Bundan tashqari, bu seriyadagi smartfonlar umuman chiqarilmasligi mumkin, chunki G Flex savdosi ishlab chiqaruvchilar umidini oqlamadi, G Flex 2 smartfoni esa qizib ketuvchi Qualcomm protsessori sabab yomon otliq bo‘ldi.

Agar mish-mishlar tasdiqlansa, ko‘rgazmada LG’dan smartfonlar segmentida shov-shuvli yangiliklarni kutmasa ham bo‘ladi, chunki manbaning ta'kidlashicha, yangi flagman G5 modeli 2016 yil aprelda namoyish qilinishi rejalashtirilgan (biroq boshqa ma'lumotlarga ko‘ra, uning ilk namoyishi MWC 2016 ko‘rgazmasida fevral oyida o‘tadi), yangilangan V10 esa umuman 2016 yilning ikkinchi yarmida ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

Top