19:31 / 16.12.2015
3408

Rossiya teleyangiliklariga ishonch darajasi olti yilda ikki martaga pasaydi

Aksariyat rossiyaliklar (85 foiz) mamlakat va dunyoda sodir bo‘layotgan yangiliklardan televideniye orqali boxabar bo‘ladi, biroq axborot manbasi sifatida ularga kamroq ishonch bildirishadi, deya xabar qildi “Interfaks” "Levada-Tsentr" tadqiqot markazi ma'lumotlariga asoslangan holda.

Sotsiologlarning ma'lumotiga ko‘ra, so‘rovnomada ishtirok etganlarning chorak qismi axborot manbasi sifatida do‘stlari, yaqinlari va qo‘shnilarini tilga olishgan. Har beshinchi respondent esa (21 foiz) – internet nashrlari, 13 foizi ijtimoiy tarmoqlar, gazeta va radio orqali yangiliklardan boxabar bo‘lishini ma'lum qilgan.

Noyabr oyida o‘tkazilgan so‘rovnomalarda jurnallar 2 foiz auditoriyani yangiliklar bilan ta'minlayotgani aniqlandi.

So‘rovnomalar Rossiyaning 48 hududidagi 137ta aholi punktida yashovchi 1600 kishi o‘rtasida o‘tkazilgan.

Sotsiologlarning qayd etishicha, yangiliklar teledasturlarini ko‘proq kam daromadli (90 foiz) va internetdan foydalanmaydiganlar (95 foiz) kuzatib borishadi.

Radioyangiliklarni esa ko‘p hollarda poytaxtliklar (24 foiz) va o‘rta ma'lumotlilar (8 foiz) tinglashi ma'lum bo‘ldi.

Internet nashrlar esa asosan yuqori daromadli kishilar va tarmoqning faol foydalanuvchilari (32 foizdan), poytaxtliklar (23 foiz) va oliy ma'lumotlilar (21 foiz) uchun asosiy axborot manbasi ekani oydinlashdi.

Bunda televideniyega axborot manbasi sifatida ishonish darajasi so‘nggi olti yil mobaynida muntazam pastlab bormoqda. Agarda 2009 yilda televideniyega so‘rovnoma qatnashchilarining 79 foizi ishonch bildirgan bo‘lsa, 2015 yilga kelib bu ko‘rsatkich 41 foizga tushib ketgan.

Internet nashrlari (2009 yildagi 20 foizda 18 foizgacha), gazeta (14 foizdan 12 foizgacha), radio (13 foizdan 11 foizgacha)ga bo‘lgan ishonchsizlik ham bir oz ortgan.

Top