22:59 / 16.12.2015
4128

Turkiya Qatarda harbiy baza qurmoqchi

Turkiyaning Qatardagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmed Demirokning ma'lum qilishicha, Turkiya Qatar hududiga ikki davlatning hamkorligi doirasida, "umumiy dushmanga qarshi kurash olib borish" maqsadida o‘z harbiy bazasini joylashtirishni rejalashtirgan.

"Turkiya va Qatar umumiy muammolarga to‘qnashmoqda. Ikki davlat ham mintaqadagi vaziyatdan va ayrim davlatlarning mavhum siyosati tufayli xavotirda. Biz umumiy dushmanga qarshi turamiz. Yaqin Sharqdagi tahlikali vaziyat shunday choralarni talab qiladi", deydi Ahmed Demirok Reyter agentligiga.

Uning xabar qilishicha, Qatarda barpo etiladigan ko‘p tarmoqli bazada Turkiya Harbiy-dengiz kuchlari va Harbiy-havo kuchlari harbiylari, shuningdek, uch ming nafarga yaqin piyoda askar va instruktorlar joylashtiriladi.

"Bugun biz shunchaki yangi alyans tashkil qilmayapmiz. Buni tarixiy hamkorlik deb atash mumkin", degan elchi.

U bazani qurish ishlari qachon boshlanishi haqida aniq ma'lumot aytmagan.

Qatar esa hozircha bu ma'lumotga izoh bermagan.

Bundan oldinroq, Turkiya Qatardan uzoq muddatga gaz import qilishi to‘g‘risida xabar qilingandi.

Top