19:18 / 17.12.2015
5077

Ashxobod xalqaro konferensiyasi – hamkorlik yo‘lidagi muloqot

Tez o‘zgarib borayotgan va voqealar silsilasi kutilmagan yo‘nalishlarda rivojlanayotgan bugungi dunyoda tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik masalasi har qachongidanda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro munosabatlardagi keskin burilishlar va saqlanib qolayotgan mavhum vaziyat dunyoning ijtimoiy-siyosiy qiyofasini hamda xalqaro xavfsizlik arxitekturasini o‘zgartirmoqda. Manfaatlar va mafkuralarning ayovsiz kurashi natijasida yuzaga kelayotgan yangidan-yangi ziddiyatlar davlatlarning hamkorlik yo‘lidagi doimiy muloqotini taqozo etmoqda.

Shu yilning 12 dekabr kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston betarafligining 20 yilligiga bag‘ishlab “Betaraflik siyosati: tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lida xalqaro hamkorlik” mavzuida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya dunyodagi va Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar uchun umumiy tahdidlarni yana bir bor tahlil qilish, ularga birgalikda yechim topish va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan muloqot uchun muhokamalar maydonini yaratib berdi, desak xato bo‘lmaydi. Buni konferensiyada 10 ta davlatning prezidentlari, 2 ta davlatning vitse-prezidenti, qator hukumatlar va parlamentlar rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning vakillari ishtirok etgani, global va mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga doir qator amaliy tashabbuslar o‘rtaga tashlangani va konferensiya doirasida turli delegatsiyalar o‘rtasida qator muzokaralar bo‘lib o‘tgani bilan ham izohlash mumkin. Tadbirni dunyoning turli davlatlaridan tashrif buyurgan 100 ga yaqin xorijiy jurnalist yoritib bordi va tezkor axborotlar oqimi mazkur xalqaro forumga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

Xalqaro konferensiya o‘z ishini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning ma'ruzasi bilan boshladi. Davlatimiz rahbari o‘z chiqishida mazkur konferensiya Turkmanistonning mustaqil taraqqiyot yillari davomida bosib o‘tgan yo‘lini tahlil etish, sarhisob qilish va mamlakatning bugungi taraqqiyot bosqichlari haqida fikr yuritish imkonini berganini, betaraflik maqomi nafaqat Turkmaniston xalqining uzoq muddatli manfaatlariga, balki mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta'kidladi.

O‘zbekiston rahbari bugun jahonda xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfining kuchayib borayotgani jiddiy tashvish uyg‘otishini bildirib, yig‘ilganlar e'tiborini yana bir bor Afg‘onistondagi beqarorlikni bartaraf etish masalasiga qaratdi. Qo‘shni mamlakatdagi vaziyat hukumat qo‘shinlari va tolibonlar o‘rtasidagi nizo cho‘zilib ketayotgani, tashqi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kamaygani natijasida yanada murakkablashib borayotgani hamda Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlarning olib chiqilishi oqibatida yuzaga kelgan bo‘shliqni Yaqin Sharq mintaqasidan qochib chiqayotgan bosqinchi va terrorchi guruhlar egallab olayotgani dunyoviy va mintaqaviy xavfsizlikka nisbatan jiddiy tahdid ekanligi ta'kidlandi. Mamlakatimiz rahbari
Afg‘oniston muammosini faqat bir yo‘l, ya'ni o‘zaro kurashayotgan tomonlar o‘rtasida BMT shafeligida tinch siyosiy muzokaralar o‘tkazish, hukumat va “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralarni qayta tiklash, buning uchun qat'iy siyosiy irodaga ega bo‘lish, hech qanday shartlarsiz o‘zaro murosa qilish, bir-biriga yon bosish orqali hal etish mumkinligini va bundan boshqa muqobil yo‘l yo‘q ekanligini ta'kidladi.

O‘zbekiston Prezidentining konferensiyadagi ma'ruzasi va unda ilgari surilgan amaliy takliflar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

- Men Prezident Islom Karimovning chiqishlarini ko‘pdan beri kuzatib kelaman, - dedi Ispaniyaning EL PAIS nashri Moskva byurosi rahbari Pilar Bonet. – Ashxoboddagi konferensiyada ham har gal bo‘lganidek davlatingiz rahbari global va mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash masalasida aniq amaliy takliflarni, masalan, Afg‘oniston muammosi yechimi bo‘yicha O‘zbekistonning o‘zgarmas pozitsiyasini qat'iyat bilan ilgari surdi. Menga bu ma'ruza juda yoqdi. O‘ylaymanki, bugungi kunda bu takliflar juda dolzarb. Afsuski, dunyodagi ayrim davlatlar rahbarlari xalqaro terrorizmga qarshi kurashish, tinchlik va xavfsizlikka erishish borasida haligacha umumiy, balandparvoz gaplardan nariga o‘tmayapti.

Xalqaro konferensiyada bugungi dunyoda barcha munosabatlar bir-biri bilan uzviy bog‘liqligi, ayrim davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa davlatlarning aloqalariga ta'sir qilishi, buning oqibatida mintaqaviy tanglik va siyosiy mavhum vaziyat vujudga kelayotgani qayd etildi. Qator davlatlarning rahbarlari ham o‘z chiqishlarida o‘zaro murosaga erishish, bir-biriga yon bosish dunyoda va mintaqamizda saqlanib qolayotgan ziddiyatlarni hal etishning eng to‘g‘ri vositasi ekanligini e'tirof etdilar.

Masalan, Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan Kaspiy mintaqasi davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish va mintaqa davlari o‘rtasidagi ayrim ixtiloflarni teng huquqlilik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat tamoyillari va samarali hamkorlik mexanizmlari asosida hal etish lozimligini bildirdi.

Belorussiya Prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya-Turkiya munosabatlaridagi keskinlikni yumshatish uchun mazkur davlatlar o‘rtasidagi putur yetgan ishonchni tiklash va kelishuvga erishish uchun o‘zaro yon bosish muhimligi haqida to‘xtaldi.

Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif va Hindiston vitse-prezidenti Muhammad Xamid Ansorining chiqishlarida Markaziy Osiyo davlatlarining Janubiy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini rivojlantirish, mintaqaviy transport va energetika koridorlarini kengaytirish masalalariga e'tibor qaratildi.

Bir so‘z bilan aytganda, Ashxobod konferensiyasi dunyoda va mintaqamizda saqlanib qolayotgan murakkab va mavhum vaziyat atrofida o‘zaro fikr almashish, murosa va kelishuv jamiki ziddiyatlarni hal etishning eng maqbul omili ekanligini, tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik zarurligini yana bir bor anglash uchun o‘ziga xos muloqot maydoni vazifasini bajarib berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Ashxobodga tashrifi va Turkmaniston betarafligining 20 yilligi tantanalaridagi ishtiroki o‘zbek va turkman xalqining tarixi, tili, dini va an'analari bir, maqsadlari mushtarak ekanligining, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va ishonch ruhida izchil rivojlanib borayotganligining yorqin amaliy ifodasi bo‘ldi.

Shuhrat Oripov,

Toshkent-Ashxobod-Toshkent

Top