14:37 / 17.12.2015
3620

Dovudo‘g‘li Iroqda Turkiya harbiylari bo‘lishlari zarurligini aytdi

Turkiya bosh vaziri Ahmat Dovudo‘g‘li Iroqning Bashik degan joyidagi (Mo‘sulga yaqin) Turkiya harbiy qarorgohiga IShID tomonidan uyushtirilgan hujum tafsilotlari haqida gapirib berdi. Shuningdek, hukumat rahbari bu voqea Iroqda Turkiya askarlari turishi lozimligini yana bir bor ko‘rsatib berganini ta'kidladi.

Ilgariroq Turkiya bosh shtabi IShID jangarilari Bashik qarorgohini artilleriyadan o‘qqa tutganini tasdiqladi. Buning oqibatida 4 nafar turkiyalik harbiy xizmatchi jarohat olgan.
“Afsuski, iroqlik zobitlardan biri halok bo‘ldi, 4 nafar turkiyalik harbiy yengil jarohat oldi. Ular Turkiyaga yetkazildi, ularga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Biz vaziyatni bosh shtab boshlig‘i bilan muhokama qildik.

Bizning harbiylarimiz munosib javob qaytarishgan, IShID pozitsiyasi yo‘q qilingan. Bu bizning kuchimizni ko‘rsatish nuqtai nazaridan juda muhimdir. Biz u yerda bo‘lishimiz zarur, Iroq hukumati qonuniy boshqaruv organlarini yaratguniga qadar”, - dedi bosh vazir Anqara aeroportida uning Bryusselga uchib ketishidan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Uning ta'kidlashicha, Turkiya harbiylarining Mo‘sulda bo‘lishi Iroq suverenitetiga tahdid solmaydi va terrorchilikka qarshi kurash ishiga hissa qo‘shadi.

Top