18:13 / 17.12.2015
3193

Pan Gi Mun “tarixiy” yil yakunlari to‘g‘risida ma'ruza qildi

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun tashkilotning poyoniga yetib borayotgan 2015 yilda olib borilgan ishlari yakuni va 2016 yildagi eng muhim choralarga bag‘ishlangan an'anaviy yillik konferensiyasida chiqish qildi.

“Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining 70 yillik yubileyini nishonlagan hamda barqaror taraqqiyot va iqlim o‘zgariga qarshi kurash bo‘yicha tarixiy hujjatlarni imzolagan muhim yilning yakunlarini o‘tkazmoqdamiz”, - deya Pan Gi Mun so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda BMT Yangiliklar markazi.

BMT bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi ushbu murakkab vaziyatda “umid alangasi” hisoblanadi. “Mazkur ko‘p tomonlama yondashuv triumfi BMT faoliyati dunyo bizdan kutayotgan natijalarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatadi”, - dedi bosh kotib.

Pan Gi Mun o‘z ma'ruzasida 2015 yilda dunyo bemisl qochqinlar oqimiga guvoh bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi. U bugungi kunda dunyo harakatchanlik bo‘yicha yangi global shartnomaga ehtiyoj sezayotganini qo‘shimcha qildi. BMT rahbari demonizatsiya va odamlarga diniy e'tiqodi, millati yoki kelib chiqishiga qarab zulm qilishdan voz kechishga chaqirdi.

2016 yilda Turkiyada o‘tkaziladigan Jahon gumanitar sammiti haqida to‘xtalar ekan, bosh kotib kelgusi yilda insonparvarlik loyihalari uchun donorlardan o‘n yil oldingidan 10 barobar ko‘p, ya'ni 20 milliard dollar so‘ralishini eslatib o‘tdi.

U dunyo davlatlarini mojarolar, inson huquqlarining qo‘pol tarzda buzilishining oldini olish va ularni bartaraf etish uchun ko‘proq kuch sarflashga chaqirar ekan, Liviya, Yaman, Suriya, Burundi va Janubiy Sudandagi inqirozlarni esga oldi.

BMT bosh kotibi Parijdagi Konferentsiya muvaffaqiyatlari xalqaro hamjamiyatning zamonaviy tahdidlarga qarshi turish uchun birlashish va hamkorlikda ish olib bora olishini ko‘rsatganini ta'kidlab o‘tdi. U 2016 yilda ham xuddi shunday ruhda harakat qilish va barcha uchun maqbul hayot barpo etishga erishishga chaqirdi.

Top