16:22 / 17.12.2015
4679

Reuters: AQSh Suriya muxolifatiga o‘q-dorilarning navbatdagi partiyasini yetkazib berdi

AQSh Mo‘'tadil Suriya muxolifati deb nomlanuvchi kuchlarga IShID qo‘l ostidagi strategik muhim ahamiyatga ega Ash-Shadadi shahriga hujum qilishdan avval o‘q-dorilarning navbatdagi partiyasini yetkazib berdi. Bu haqda Reuters agentligi 16 dekabr kuni xabar tarqatdi.

“O‘q-dorilar Suriya shimoli-sharqida jang olib borayotgan muxolifatga yer orqali yetkazib berildi”, - deya ma'lum qildi agentlik axborot manbasi.
Shunday qilib, Vashington 2015 yilning oktabr oyidan buyon uchinchi marotaba Suriya muxolifatiga o‘q-dorilarni yetkazib berdi. Ushbu muxolifat kuchlarining kurdlar bilan hamkorlik qilishi esa Turkiyaning noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.

Agentlikning qayd etishicha, Ash-Shadadi terroristlarning yetakchi logistika markazlaridan biri bo‘lib, u yerda ko‘plab avtomagistrallar kesishadi. Shaharning egallab olinishi IShID poytaxti hisoblanuvchi Rakkani ajratib qo‘yishga imkon beradi.
Bundan avvalroq esa AQShning Suriya va Iroqdagi aksilterror amaliyotlarda ishtirok etayotgan qo‘shinlari rasmiy vakili polkovnik Stiv Uorren Ash-Shadadida terroristlarning omborxonalari va tayyorgarlik lagerlari joylashgani, bu yerdan qurollangan jangarilar Suriya va Iroqning turli nuqtalariga yuborilishi haqida xabar bergan edi.

Reuters ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh ekstremistlarning shahar uchun tish-tirnog‘i bilan kurashishini kutmoqda.
Axborot manbasi hujumlarning qachon boshlanishi va uning qancha vaqt javom etishi haqida ma'lumotlar taqdim etmagan.

Top