19:57 / 18.12.2015
2540

Abdulaziz Komilov Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi delegatsiyasini qabul qildi

2015 yilning 18 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonga tashrif buyurgan Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi xalqaro aloqalar departamenti direktori, deputat Kadzunori Tanaka boshchiligidagi Yaponiya Parlamenti Vakillar palatasi delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston — Yaponiya munosabatlarining dolzarb masalalari, avvalo parlamentlararo darajadagi aloqalar yuzasidan fikr almashildi.

Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening 2015 yil oktabr oyidagi O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘idagi oliy darajadagi O‘zbekiston — Yaponiya muloqotining yakunlariga, erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga alohida e'tibor qaratildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Yaponiya rahbarlarining muzokaralari o‘zaro hamkorlikning deyarli barcha jabhalariga yangi turtki berganligi va ikki davlat o‘rtasidagi strategik sherikchilik munosabatlarini yanada yuqoriroq darajaga ko‘targanligi qayd etildi.

Suhbatda Yaponiya elchisi Fumihiko Kato ishtirok etdi.

Top