07:42 / 18.12.2015
4774

Nature jurnali 2015 yilning eng nufuzli olimlari nomini aytdi

Britaniyaning Nature jurnali o‘z talqini bo‘yicha 2015 yilda fanning rivojlanishiga eng katta hissa qo‘shgan 10 nafar olim nomini aytdi.

Ushbu ro‘yxatdan rusiyzabon olim, fizik, Maks Plank jamiyati kimyo institutida faoliyat yurituvchi hamda yuqori bosim va haroratlarda kuzatiladigan, vodorod sulfidning o‘ta o‘tkazuvchanlik xossalarini o‘rganish bo‘yicha ishlari bilan nom chiqargan Mixail Yeremets ham o‘rin oldi.   

Bundan tashqari, ro‘yxatga kosta-rikalik olima Kristiana Figeres kiritildi. Olima dekabrda Parijda o‘tgan iqlim bo‘yicha sammitda tomonlar o‘rtasida mazmunli suhbatni ta'minlash uchun ko‘p sa'y-harakatlarni amalga oshirdi.

Shuningdek, jurnal  tomonidan diplomat Ali Akbar Salohiy ham e'tirof etildi. U Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha siyosiy kelishmovchiliklarni hal qilish uchun katta hissa qo‘shdi. 

Nufuzli olimlar orasidan psixolog Brayan Nozek ham joy oldi. U o‘z hamkasblari ilmiy ishlari natijalarini tahlil qilishga bag‘ishlangan tadqiqot o‘tkazdi. Aniqlanishicha, bunday olimlarning maqolalari natijalaridan yarmi ularning hamkasblari tomonidan o‘zlashtirilgan bo‘lishi mumkin. 

AQShlik astronom Joan Shmelts ham nufuzli olimlar qatoriga kiritildi. U ayollarning fandagi o‘rniga jamoatchilikning e'tiborini qaratdi.

Shunigdek, ro‘yxatga Alan Stern kiritildi. Uning asosiy xizmati sifatida New Horizons missiyasiga ilmiy rahbarlik qilgani ta'kidlab o‘tildi. Bu missiya natijasida sayyoralararo stansiya insoniyat tarixida birinchi marta Quyosh tizimining eng yirik mitti sayyorasi Plutonni tadqiq qildi.

Sun'iy teri olishda katta taraqqiyotga erishgan fizik Chjyenan Bao ham nufuzli olimlar orasidan joy oldi. U yaratgan sun'iy terining sezuvchanligi inson terisinikiga deyarli o‘xshashdir.

Xitoylik genetik Tszyuntszyu Xuan CRISPR/Cas9 texnologiyasi yordamida inson embrioni genomini tahrirlashga bag‘ishlangan tadqiqotni ilk bor jurnalda chop etdi. Aynan shu holat unga eng nufuzli olimlar ro‘yxatiga kirishga imkon berdi.

Shuningdek, jurnal tomonidan AQShlik olim Devid Rayx ham eng nufuzli olimlardan biri sifatida e'tirof etildi. U qadimiy odamlar, jumladan miloddan avvalgi 3600-2300 yillarga tegishli davr madaniyati odamlari genomini tadqiq qildi. Olimning ishlari zamonaviy yevropaliklarning uzoq ajdodlari kim bo‘lganini aniqlashga imkon berdi.

Va nihoyat, 10 nafar eng nufuzli olimlar ro‘yxatining oxirgi pog‘onasidan biolog Kristina Smoulk o‘rin oldi. Olima opioidlar (og‘riqsizlantiruvchi vosita) hosil qiluvchi achitqi shtammini olishga muvaffaq bo‘ldi. Avvallari bu og‘riqsizlantiruvchi vosita ko‘knordan olingan.

Jurnal 2016 yilda bunday nomga sazovor bo‘lishi mumkin bo‘lgan tadqiqotchi olimlar sifatida Fabiolla Janotti (Yevropa yadroviy tadqiqotlar tashkilotining bo‘lg‘usi rahbari), Gabriella Gonsalez (LIGO observatoriyasi astronomi), Keti Niakan (stvol hujayralari tadqiqotchisi), Demis Xassabis (sun'iy ong sohasidagi olim) va Yan Vey (Xitoy tabiiy fanlar milliy jamg‘armasi rahbari)ni keltirib o‘tdi.

Top