23:28 / 20.12.2015
6895

Ispaniya chempionati, 16-tur: “Real” “Rayo Valekano”ga 10 ta to‘p urdi, “Deportivo” “Eybar”ni yutdi

Ispaniya Primerasining 16-turida Madridning “Real” klubi o‘z maydoni “Santyago Bernabeu”da Madridning yana bir klubi – “Rayo Valekano”ni 10:2 hisobida tor-mor etdi.

“Qaymoqranglilar” Daniloning aniq zarbasi evaziga tezkor golni amalga oshirishdi, biroq keyin ketma-ket ikkita to‘p o‘tkazib yuborishdi: “arilar”da Antonio Amayya hisobni tenglashtirdi, Xosabed o‘z jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Shundan 2 daqiqa o‘tib, ya'ni 14-daqiqada “Rayo” Titoning maydondan chetlatilishi oqibatida kamchilik bo‘lib qoldi. Ko‘pchilik bo‘lib o‘ynayotgan mezbonlar 1-bo‘limning o‘rtasida Garet Beyl goli evaziga hisobni tenglashtirishdi. Bir necha daqiqa o‘tib, ya'ni 28-daqiqada mehmonlarning yana bir o‘yinchisi o‘yindan chetlashtirildi: o‘z jarima maydonida qo‘pollik qilgan Raul Baena ikkinchi sariq qartochkani olib, jamoasining 9 kishi bo‘lib qolishiga sababchi bo‘ldi. 11 metrlik jarimani Krishtianu Ronaldu bexato amalga oshirdi. 1-bo‘lim oxirida Beyl “Rayo” darvozasiga 4-to‘pni kiritdi.

2-bo‘limda mehmonlar raqiblari darvozasiga yana 6 ta to‘pni kiritishga muvaffaq bo‘lishdi: Beyl yana ikkita to‘p urib, pokerga erishdi, Benzema xet-trik amalga oshirdi, Ronaldu yana bitta to‘p kiritib, dublga erishdi.

“Real” musobaqa jadvalida 3-o‘rinda turibdi hamda 35 ochkoga ega o‘zining asosiy raqiblari “Barselona” va “Atletiko”dan 2 ochko ortda qolmoqda, biroq oxirgilar bu turda hali uchrashuv o‘tkazishmadi.

Ispaniya Primerasi. 16- tur

Real Madrid – Rayo Valekano – 10:2
Gollar: Danilo, 3 (1:0); Amayya, 10 (1:1); Xosabed, 12 (1:2); Beyl, 25 (2:2); Ronaldu, 30 (3:2, pen); Beyl, 41 (4:2); Benzema, 48 (5:2); Ronaldu, 53 (6:2); Beyl, 61 (7:2); Beyl, 70 (8:2); Benzema, 79 (9:2); Benzema, 90 (10:2).
Chetlatish: Tito, 14; Baena, 28 (Rayo Valekano)

Turdan o‘rin olgan yana bir uchrashuvda “Deportivo” o‘z uyida “Eybar”ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. 41-daqiqada Lukas Peres penaltini aniq amalga oshirdi. Futbolchi 7 turdan beri maydonni golsiz tark etmayapti hamda klubning Bebetoga tegishli rekordini qaytardi. 68-daqiqada mezbonlar Luizinyuning maydondan chetlatishi sababli 10 kishi bo‘lib qolishdi. Biroq ular ortga chekinmadilar, balki hujumkor o‘yinni davom ettirib, raqib darvozasiga yana bir to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldilar: 73-daqiqada Alexandro Arribasa uchrashuvdagi yakuniy hisobni o‘rnatdi.

Uchrashuvdan keyin “Deportivo” musobaqa jadvalida 26 ochko bilan 6-o‘rinni, “Eybar” esa 21 ochko bilan 9-o‘rinni egalladi.

Deportivo – Eybar – 2:0
Gollar: Peres, 41 (1:0, pen); Arribas, 73 (2:0).
Chetlatish: Luizinyu , 68 – net.

Tur doirasida Sevilya derbisida “Betis” va “Sevilya” jamoalari 0:0 hisobida durang natija qayd qilishda.

Ayni paytda “Sevilya” musobaqa jadvalida 23 ochko bilan 7-o‘rinda, 20 ochko to‘plagan “Betis” esa 12-o‘rinda ketmoqda.

Betis – Sevilya – 0:0

Top