15:31 / 20.12.2015
15206

OAV: Qozog‘iston sinoptiklari millionlab dollar ishlab topmoqda

Qozog‘istonlik sinoptiklarning ob-havo bashoratlari ko‘pincha amalga oshmaydi, lekin buning ortida ham bir manfaat yotibdi. Bundan kim manfaatdorligini aniqlash maqsadida “Karavan” gazetasi o‘ziga xos taftish o‘tkazdi.

“Qazgidromet” sobiq bosh mutaxassisi Boris Stepanovning taxminiga ko‘ra, u mazkur “notoza” ishdan gumonsiray boshlagani bois ishdan bo‘shatilgan.

“Ba'zan “Qazgidromet” rahbariyati o‘z iste'dodini bejizga sarflayapti, degan tasavvur uyg‘onadi. Axir bunday fantaziya bilan ular Hollivudda tabiiy ofatlar haqida blokbasterlar olib, millionlar ishlashi mumkin edi. Ularning berayotgan ob-havo bashoratlari har qanday ssenariylardan ko‘ra hayajonli. Faqat bir yoz davomida Olmaotani 35 marta bo‘ron girdobiga olishi, har birida uch kunlab sel kelishi lozim edi. Megapolis aholisi hozirga qadar tirik ekanligi chinakam mo‘'jiza bo‘lsa kerak”, - deb yozadi jurnalist.

Oxirgi yillarda professor Stepanov havo bashoratini aniqlashtiradigan metodika ustida ishlagan, lekin uning taklifi idora rahbarlariga ma'qul kelmagan.

Stepanovning ishontirishicha, yolg‘on bo‘ron tahlikalaridan mo‘maygina daromad olsa bo‘ladi. Negaki bo‘ronga tayyorgarlik uchun katta pul ajratiladi, butun texnika va favqulodda xizmatlar doimiy shay holatda tutiladi. Shu bilan birga, bir necha marotaba berilgan bashoratlar noto‘g‘ri chiqqach, keyingi bashoratlarga e'tibor qaratilmaydi, agarda ular to‘g‘ri chiqib qolsa, davlat tabiiy ofatlarni shay holatda kutib ololmaydi. Bunga misol tariqasida Stepanov 22-23 iyul kunlari Olmaotada kuzatilgan selni keltirdi. Uning oqibatida 429 obekt suv ostida qolib ketdi. Oqibatlarni bartaraf qilishga esa 2 mlrd tanga ajratildi.

“Bu kichkina sel edi, - deydi ekspert. – Shunchaki sinov bo‘ldi, desa ham bo‘ladi. Barcha FVVga hujum qildi, go‘yoki ular e'tiborsiz qoldirganidek. Aslida esa hamma gap ob-havo bashoratchilarida edi. FVV va “Qazselhimoya” har uch kunda bo‘ron haqida ogohlantirish olardi metereologlardan. Butun yoz bo‘yi to‘g‘onlar oldida navbatchilik qilish yaxshi, lekin aniq bashoratlar berish undan ko‘ra yaxshiroq emasmi?”.

Top