09:54 / 21.12.2015
3338

Andijon viloyati hokimligida “Andijanka” jamoasining taqdirlash marosimi o‘tkazildi

20 dekabr kuni Andijon viloyati hokimligida “Andijanka” ayollar futbol jamoasining milliy birinchiligimizda uchinchi o‘rinni egallagani munosabati bilan tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi, viloyat futbol federatsiyasi prezidenti Shuxratbek Abdurahmonov shonli tarixga ega jamoaning murabbiy va futbolchilarini tabriklab, “Andijanka”ni kelajakdagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi. Andijonlik bir guruh ayollar futboli fahriylari viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar ustozi, sportimiz fahriysi, taniqli sharhlovchi Axbor Imomxo‘jayev “Andijanka” jamoasining o‘zbek sporti rivoji uchun qo‘shgan ulkan hissasi haqida alohida to‘htalib o‘tib, klubga keyingi mavsumlarda bundanda yuksak natijalar egallashini chin dildan istashini bildirdi.

Marosim so‘ngida jamoa a'zolariga bronza medallari tantanali tarzda topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston ayollar futboli Assotsiatsiyasi mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, jurnalistlar ishtirok etdilar.

Elmurod ERMATOV, Andijon

Top