17:01 / 21.12.2015
3005

Janubiy Koreya prezidenti bosh vazir o‘rinbosari hamda moliya vaziri lavozimiga yangi nomzodni tayinladi

Koreya Respublikasi prezidenti Pan Kin Xe hukmron "Senuri" partiyasi deputati Yu Il Xoni bosh vazirning o‘rinbosari hamda rejalashtirish va moliya vaziri etib tayinladi. Bu haqda YTN telekanali xabar qildi.

Bunga qadar 60 yoshli Yu Il Xo davlat hududlari, infratuzilmalar va transport vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, uning asosiy vazifasi mamlakat iqtisodiyotini sog‘lomlashtirishning yangi yo‘llarini topishdan iborat. Yaqindagina esa Moliya vazirligi mamlakat YaIM o‘sishi hajmini 2015 yilda 3,1 foizdan 2,7 foizgacha, 2016 yilda esa 3,3 foizdan 3,1 foizga qadar tushirgan edi. 2014 yilda mazkur ko‘rsatkich 3,3 foizni tashkil etgan.

Yu Il Xodan avval bosh vazir o‘rinbosari hamda moliya vaziri lavozimda bir yarim yil ishlagan Choy Gyon Xvan parlamentdagi ishiga qaytadi.
Yu Il Xo 1981 yilda Seul davlat universitetida “iqtisodiyot” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan. Yigirma yil davomida Koreya Taraqqiyot hamda Koreys moliya institutlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Bugungi kungacha u parlamentning ilm-fan, axborot texnologiyalari, rejalashtirish, efir va kommunikatsiya qo‘mitasini ham boshqarib kelayotgandi. U prezidentning ishonchli odamlaridan biri deb hisoblanadi.

Top