20:03 / 21.12.2015
5581

Tojikiston Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Musulmon koalitsiyasiga qo‘shilmoqchi

Tojikiston Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan terrochilikka qarshi tuzilgan Musulmon koalitsiyasi tarkibiga qo‘shilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Tojikistonning Ar-Riyoddagi elchisi Sharif Azamsho Latifzodaga asoslangan holda «Ash-Sharq al-Avsat» gazetasi yozgan.

Elchining qayd etishicha, Tojikiston koalitsiyaning teng huquqli a'zosi bo‘lishni istaydi.

Latifzodaning aytishicha, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 2016 yilning yanvarida Ar-Riyodga safar uyushtirib, qirol Abdulaziz Salmon bilan uchrashishni rejalashtirgan. Tomonlar ushbu uchrashuvda terrorizmga qarshi kurash masalalarida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish masalasini muhokama qilishi kutiladi. Ushbu uchrashuvdan keyin Dushanbe koalitsiyaning a'zosiga aylanishi mumkin.

Qayd etish kerakki, Saudiya Arabistoni 15 dekabr kuni terrorchilikka qarshi kurashuvchi 34 ta musulmon davlatidan iborat alyans tashkil qilinganini e'lon qildi.

Koalitsiyaga Saudiya Arabistoni, Iordaniya, BAA, Pokiston, Bangladesh, Bahrayn, Benin, Turkiya, Chad, Togo, Tunis, Jibuti, Senegal, Sudan, Serra-Leone, Somali, Gabon, Gvineya, Falastin, Komor Orollari, Qatar, Kot-d'Ivuar, Kuvayt, Livan, Liviya, Mali, Maldiv Respublikasi, Malayziya, Misr, Marokash, Mavritaniya, Niger, Nigeriya va Yaman kirgan.

AQSh mudofaa vazirligi Saudiya Arabistoni boshliq koalitsiyani qutlagan.

Rossiya esa bu koalitsiyaning maqsadlarini aniq bilmagan holda, munosabat bildirishga hali ertaligini aytib o‘tgan.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi yangi aksilterrorchilik koalitsiyasi xalqaro hamjamiyat bilan birga ishlashi aytilgan.

Top