13:58 / 22.12.2015
15861

Faoliyati ijobiy baholangan dunyo yetakchilari reytingi e'lon qilindi

Xalqaro WIN/Gallup International tadqiqot assotsiatsiyasi tomonidan jahonning 65ta mamlakatida dunyo yetakchilari faoliyatiga bag‘ishlangan so‘rovnoma o‘tkazildi.

Global masshtabda o‘tkazilgan so‘rovnomada jami bo‘lib 63,976 kishi ishtirok etdi. Har bir mamlakatdan o‘rtacha 1000 kishi savollarga yuzma-yuz (28ta mamlakatdan jami 30 ming kishi) javob bergan bo‘lsa, 15 mamlakat fuqarosi hisoblangan 11,7 ming kishi telefon orqali, 22 davlatda yashovchi 22 ming fuqaro esa internet yordamida anketa to‘ldirishdi. 2015 yilning sentabr-dekabr oylarida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarining ishonchlilik darajasi 95 foiz (+/- 3-5%)ni tashkil etadi.

Yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur reytingning birinchi pog‘onasidan AQSh prezidenti Barak Obama joy oldi. Uning faoliyatini 59 foiz respondentlar qo‘llab-quvvatlagan. 29 foiz kishilar esa qarshi ovoz bergan. Ikkinchi bo‘lib Germaniya kansleri Angela Merkel tilga olindi. Unga 42 foiz respondent yoqlab ovoz bergan. Britaniya bosh vaziri 37 foiz ovoz to‘plagan holda uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi.

Shuningdek, Fransiya prezidenti Fransua Olland 35 foiz ijobiy ovoz bilan to‘rtinchi o‘rinni band qildi. O‘tgan yilgi reytingdan 10 foiz kam ovoz to‘plagan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ro‘yxatning kuchli beshtaligiga yakun yasadi.

Keyingi o‘rinlarda Xitoy Xalq Respublikasi yetakchisi Si Tszinpin (27 foiz), Hindiston bosh vaziri Narendra Modi (24 foiz), Braziliya prezidenti Dilma Russeff (24 foiz), Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz al Saud (20 foiz) va Eron prezidenti Hasan Ruhoniy (19 foiz) nomi zikr qilingan.

Top