10:54 / 22.12.2015
2396

OAV: Xitoyda ko‘chki yuz bergan hududda qutqaruvchilar 81 kishini qidirmoqda

Xitoyning janubida joylashgan Shenchjen shahrida yirik ko‘chki yuz bergan hududda qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davomida bedarak yo‘qolgan 81 kishi qidirilmoqda. “Sinxua” axborot agentligining ma'lum qilishicha, qutqaruvchilar 22 dekabrda vayronalar ostidan bir nafar jasadni chiqarib olishgan.

Qutqaruv operatsiyasi doirasida mahalliy hukumat 600 kishiga boshpana taqdim qildi, yana 900 kishi xavfsizlik nuqtai nazaridan evakuatsiya qilingan.

Ko‘chki 20 dekabrda mahalliy vaqt bilan 11:40 da Liuxi sanoat parkida yuz bergan. Ma'lum qilinishicha, ko‘chgan tuproq 380 ming kvadrat metrlik hududni qoplab olgan, loy qatlami qalinligi ba'zi joylarda 10 metrgacha yetmoqda. Ko‘chki 33 ta binoning vayron bo‘lishi yoki qattiq zararlanishiga olib keldi.

Qutqaruv operatsiyasida 2,9 mingdan ko‘proq kishi ishtirok etmoqda, 78 ta ekskavator va boshqa texnika qo‘llanmoqda. Geologlarning aytishicha, ko‘chki qaytarilishi xavfi ehtimoli kam.

Top