16:16 / 22.12.2015
18797

O‘zbekiston va Rossiya mehnat muhojirlari masalasida kelishuv tayyorlamoqda

O‘zbekiston hukumati Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini uyushgan holda ishga qabul qilish haqida shartnoma ishlab chiqdi.

O‘zbekiston respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi respublika fuqarolarini Rossiyada uyushgan holda mehnat qilishi haqidagi shartnoma ishlab chiqib, uni Rossiya hukumatiga topshirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekiston fuqarolarni Rossiya Federatsiyasida ijtimoiy va huquqiy kafolatlar bilan ishga yollash haqidagi davlatlararo shartnomaning qayta ishlangan loyihasi Rossiya tomoniga diplomatik yo‘llar orqali yuborildi”, — deyilgan muassasa xabarida.

Bundan oldinroq, Rossiya va O‘zbekiston hukumati 2015 yilda mehnat muhojirlari borasida davlatlararo shartnoma tayyorlashga kirishgani xabar qilingandi. Tomonlar bo‘lg‘usi shartnoma haqida o‘z tavsiyalarini bildirishi va ular yangi shartnoma asosiga aylanishi rejalashtirilgan edi.

Umumiy hisobga ko‘ra, hozirgi kunda Rossiyada 2 million nafarga yaqin o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bor.

Top