11:14 / 22.12.2015
2043

Qozog‘iston YeI bilan kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi

21 dekabr kuni Ostonadagi Hukumat uyida Qozog‘iston bosh vaziri Karim Masimov Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Masimovning rasmiy sayti orqali xabar qilindi.

Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama sherikchilik va hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, savdo-iqtisodiy, madaniy, gumanitar, investitsion, moliyaviy hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisov Mogerini xonim bilan Qozog‘iston va YeI o‘rtasidagi kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashdi.

Mogerini xonim Ostonaga “YeI-Markaziy Osiyo” formatida tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan edi. Ostonada kechgan uchrashuvda keng miqyosdagi tashqi siyosiy masalalar muhokama qilindi.

Kun tartibida YeI va Markaziy Osiyo davlatlarining aloqalari, terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash, migratsiya, chegaralar singari mavzular bo‘ldi. Ishtirokchilar YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi, iqlim o‘zgarishi va boshqa masalalarda fikr almashishdi.

Top