07:36 / 22.12.2015
2360

Toshiba korporatsiyasi xodimlarining uchdan bir qismini qisqartirmoqda

Toshiba korporatsiyasi moliyaviy hisobot bilan bog‘liq mojaro ortida xodimlari sonini qisqartirish va Indoneziyadagi zavodini sotib yuborishga qaror qildi, deb aytilmoqda kompaniya bergan xabarda.

Toshiba’ning Indoneziyadagi televizor va kir yuvish mashinalari ishlab chiqaruvchi zavodiga Xitoyning Skyworth kompaniyasi xaridor bo‘lib chiqmoqda. Zavodni sotish bo‘yicha bitimni 2016 yil martida nihoyasiga yetkazish rejalashtirilmoqda, uning dastlabki narxi 25 mln dollarga baholanmoqda. Xaridor, shuningdek, Toshiba savdo belgisidan Xitoydan tashqari Osiyoning boshqa davlatlarida foydalanish huquqini oladi.

Xabarda, shuningdek, 6,8 ming ishchi yoki korporatsiyaning televizor, shaxsiy kompyuter va maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘limlaridagi umumiy xodimlarning uchdan biri qisqartirilishi ma'lum qilinmoqda.

Bundan tashqari, kompaniya 2016 yil 31 martda tugaydigan moliyaviy yilda 4,5 mlrd dollar miqdorida zarar ko‘rishini prognoz qilmoqda. Shuningdek, Toshiba’ning biznesidagi o‘zgarishlarga televizorlarni Yaponiyadan tashqarida ishlab chiqarishi ham uchraydi: endi o‘zi televizorlarni ishlab chiqara oladigan xorijiy kompaniyalarga televizorlarni ishlab chiqarish uchun litsenziyalar beriladi. Kompaniya shuningdek maishiy texnika va kompyuterlar ishlab chiqarish uchun birlashmalar tashkil etilishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Top