15:45 / 22.12.2015
2809

Xitoy shimolidagi 40ta shaharda havo ifloslangani uchun xavf trevogasi e'lon qilindi

XXR shimoliy qismida joylashgan 40ta shahar, jumladan, Pekin va Tyantszin rahbariyati havoning ifloslanishi sababli turli darajadagi xavf trevogaralarini e'lon qildi, deya xabar tarqatmoqda Sinxua agentligi 22 dekabr kuni.

Bundan avvalroq esa Pekindan taxminan 100 kilometr masofada joylashgan Tyantszin port shahri hokimiyati kuchli smog sababli birinchi marotaba xavfning “qizil” darajasini e'lon qilgan edi. Kuchaytirilgan tartib chorshanba kuni soat 00:00 dan boshlanib, payshanba kuni 06:00 ga qadar davom etadi.

Ayni paytda Pekinda ham quyuk smog sababli xavfning “qizil” darajasi e'lon qilingan. Mazkur shaharda ilk marotaba 8 dekabrda eng yuqori darajali xavf signali e'lon qilingan edi. Tartib 10 dekabr kuni bekor qilindi. Ikkinchi marta esa shahar hokimiyati 19 dekabrda ushbu tartibni joriy etdi. Mazkur xavf trevogasi payshanba kuni bekor qilinadi.

Sinxua ma'lumotlariga ko‘ra, Baodin, Xandan, Lanfan va Sintay shaharlarida ham xavfning “qizil” darajasi e'lon qilingan. Xebey, Xenan va Shandun provinsiyalaridagi yana 12ta shaharda “to‘q sariq” daraja joriy etilgan. “Sariq” va “ko‘k” darajalar esa, mos ravishda, 17 va 5ta shaharda e'lon qilindi.

“Qizil” daraja e'lon qilinishi bilan avtomat ravishda bir qator majburiy choralar, jumladan, avtotransport vositalari harakatiga cheklov kiritiladi. Maktab va bog‘chalarda mashg‘ulotlar bekor qilinadi. Yo‘llar kuniga eng kamida bir marta changdan tozalanadi. Shuningdek, barcha qurilish ishlari bekor qilinib, zavodlar faoliyati to‘xtatiladi.

Xitoyda havo ifloslanishini belgilovchi to‘rt darajali tizim 2013 yilda joriy etilgan. O‘rnatilgan qoidalarga ko‘ra, munitsipal hukumat kuchli smog ketma-ket uch kundan ortiq muddat davom etganida xavfning “qizil” darajasini e'lon qiladi. Agarda smog uch kun davom etsa “to‘q sariq”, ikki kun kuzatilsa “sariq” va bir kun bo‘lsa “ko‘k” daraja e'lon qilinadi.

Top