17:13 / 23.12.2015
3823

«Manchester Yunayted»ning yetakchi futbolchilari van Gaalga e'tirozlarini bildirishdi

Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi yetakchi futbolchilari APLning 17-turidan o‘rin olgan «Norvich»ga qarshi uchrashuvdagi mag‘lubiyatdan (1:2) keyin jamoa bosh murabbiyi Lui van Gaal bilan birga inqiroz vaziyatidan chiqish rejasini muhokama qilishgan.

The Daily Mail nashrining bergan xabariga ko‘ra, gollandiyalik mutaxassis bilan uchrashuvda Ueyn Runi, Maykl Kerrik, Kris Smolling va Xuan Mata ishtirok etishgan. Ular murabbiyning mashg‘ulotlar protsessi, ortiqcha qattiq rejim va uchrashuv paytida taktikadan norozi bo‘lishgan.

Futbolchilarning fikriga ko‘ra, jamoadagi jarohatlarning ko‘payishiga mashg‘ulotlar jarayonidagi ortiqcha yuklamalarning ko‘pligi sabab bo‘lmoqda. Shu maqsadda ular van Gaaldan mashg‘ulotlar paytida yuklamalarni qisqartirishni so‘rashgan.

Bundan tashqari, qayd qilinishicha, van Gaaldan asosan ispaniyalik Mata va Ander Erreralar norozi bo‘lishmoqda. Ular Yevro-2016 musobaqasida terma jamoa safidan joy ola bilmay qolishdan cho‘chishmoqda.

Gazetaga ko‘ra, van Gaal futbolchilarning talabini to‘g‘ri qabul qilgan va tomonlar mavsumni muvaffaqiyatsiz yakunlamaslik uchun kelishib ishlash bo‘yicha og‘zaki bitimga kelishgan.

Eslatib o‘tamiz, «MYu» bu mavsumda Chempionlar Ligasining pley-off bosqichiga chiqishni uddalay olmadi, shuningdek 17-turdan keyin APLda 5-o‘rinni egallab turibdi.

Oldinroq, van Gaal bo‘lajak ikkita o‘yindan birida mag‘lubiyatga uchragan taqdirda iste'foga chiqarilishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Top