10:10 / 24.12.2015
4679

Andijon shahrida yangi avtostansiya ishga tushdi

Andijon shahrida yangi avtostansiya foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.

Viloyat markaziga kiraverishdagi xalqa yo‘lida bunyod etilgan avtostansiya Marhamat, Asaka, Bo‘z, Shahrixon va Baliqchi tumanlaridan viloyat markaziga keluvchi aholiga xizmat ko‘rsatadi. Avtostansiyada 15 yo‘nalish bo‘yicha 370 “Damas”, “Gazel” hamda “Isuzu” rusumidagi avtotransport vositalari qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Ular kuniga 10 ming yo‘lovchini o‘z manziliga yetkazish imkoniga ega.

Bu yerda haydovchilar va yo‘lovchilar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Avtomashinalarni texnik tekshiruvdan o‘tkazish ustaxonasi, haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish xonasi, kutish xonalari tashkil etilib, zarur vositalar bilan jihozlangan.

Maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyati aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratmoqda. – Avtostansiyaning ishga tushirilishi aholiga qulaylik yaratish barobarida, shahar ichkarisidagi avtomobillar tirbandligining oldini oladi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Andijon shahar bo‘limi raisi To‘raxo‘ja Rahmatjonov.

– Bunday keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari tufayli shahar qiyofasi yanada go‘zallashmoqda. Eng muhimi, bu yerda 50 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Top