20:26 / 24.12.2015
11699

AQSh serialida yo‘l qo‘yilgan xato turk tomoshabinlarini achchiqlantirdi

AQShda ishlangan “Homeland” (“Vatan”) seriali 5-mavsumining yakunlovchi qismi turk tomoshabinlarining e'tiroziga sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda Independent nashri.

Undagi bir epizodda AQShdan Turkiyaga o‘lim jazosiga mahkum qilinishi ehtimoli bilan deportatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan ayol qahramon haqida so‘zlangan.

“Eh, “Vatan”, Turkiya 11 yil avval o‘lim jazosini bekor qilgan. Bu sizga Texas emas”, deb e'tiroz bildirmoqda Istambuldagi Kebab and Camel sayti o‘zining tvitterdagi akkauntida.

“Ular “Yarim tungi ekspress” filmidan beri ma'lumotlarni tekshirishmaganov”, deb yozmoqda yana bir foydalanuvchi.

1978 yilda ishlangan bu filmda AQSh fuqarosi mayda qoidabuzarlik uchun Turkiyada katta muddatli qamoq jazosiga mahkum qilinadi.

Serialning 5-mavsumidagi, 2015 yil oktabrda namoyish qilingan bir seriyasida tomoshabinlar arabchada graffiti usulida yozilgan “Vatan – irqchi serial”, “Vatan – bu hazil, biroq bizga kulgili emas”, degan yozuvni ko‘rishgan.

Shu tariqa suratga olish guruhi tomonidan serial uchun dekoratsiyalar yaratish maqsadida yollangan arab ko‘cha rassomlari ushbu serialga o‘z munosabatlarini bildirishgan. Ularning fikricha, serialda arab olami va islom salbiy tomondan ko‘rsatilgan.

“Vatan” seriali Isroilda ishlangan “Harbiy asirlar” teleseriali asosida yaratilgan. Serialning birinchi mavsumi 2011 yilda namoyish qilingan. Serialning bosh qahramonlari – AQSh harbiy-dengiz kuchlari dengiz piyodasi serjanti Nikolas Broudi (Demien Lyuis ijrosida) va MRB zobiti Kerri Metison (Kler Deyns ijrosida).

Top