12:09 / 24.12.2015
20755

Jurnalist ijara shartnomasini imzolash uchun 18 turdagi hujjat va ma'lumotnomalar topshirganini ma'lum qildi

Ziyouz.com sayti asoschisi Davronbek Tojialiyev o‘zining “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Toshkent shahrida ijara shartnomasini tuzish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar va ma'lumotlar, buning uchun talab qilinayotgan ishlar ro‘yxatini e'lon qildi. Quyida e'tiboringizga mazkur postni tahrirsiz, to‘liqligicha havola etamiz.
“So‘nggi oyda pasport va ijara tizimini tekshirgani ijaradagi uyimga uch marta kelishdi. Zudlik bilan ijara shartnomasini rasmiylashtirib, soliq inspeksiyasiga ma'lum qilishimni, aks holda qattiq chora qo‘llashlarini aytishdi.

Aslida har bir mulk egasi daromadidan soliq to‘lashi matlubdir. Zero har bir daromaddan faqirlar, muhtojlarning haqi bor. Bu jihatdan ijara shartnomasining qat'iy joriy qilishidan men xayr umid qildim. Endi ana shu xayrga olib boruvchi yo‘lni ham oson qilinsa, davlat va jamiyat uchun foydali bo‘lar edi. Ammo...
Ijara shartnomasi Toshkent shahrida vaqtincha yashash va ishlash uchun ruxsatnoma olishdan ham qiyin ekan. Avvaliga Yer resurslari va davlat kadastri (BTI) boshqarmasidan ma'lumotnoma olish kerakligini aytishdi. Uni olishga bir hafta ketdi. So‘ng soliqdan uy egasining qarzi yo‘qligi haqida, Pasport stoldan 17-forma va doimiy propiskada turadiganlar to‘g‘risida, kommunal idoradan qarzi yo‘qligi to‘g‘risida ma'lumotnomalar olindi.

Uy egasi va uning turmush o‘rtog‘i bilan notariusga bordik. Notarial idorada 10 nafar kishi navbatda turardi. Navbat kelgach, notarius huzuriga kirdik. Notarius hujjatlarni ko‘rib, yana mening rafiqam pasporti, nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, bolalarimning tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari, soliq to‘lovchining inventar raqami (INN) kerakligini aytdi. Navbatimiz 10 kundan keyin kelishi, 8 kundan keyin hujjatlarni tashlab ketish kerakligini ma'lum qildi.

8 kundan keyin yana notarial idoraga bordik. Yana navbat. Yana hujjat ko‘rishlar. Bu safar notarius yordamchisi ijarada turuvchi barchaning INNsi kerakligini, yangi tartib kelganligini aytdi. Rafiqam hech qayerda ishlamaydi. Shuning uchun INN ochilmagan. Endi Marg‘ilonga borib, soliq idorasiga doimiy propiskada turiladigan uyning kommunal qarzlari yo‘qligi haqida ma'lumotnomalarni topshirib, yana kutish kerak.
INN tayyor bo‘lgach, notarial idoraga bordik. Yana navbat. Yana kutish. So‘nggi ma'lumotnoma – kvartiraning taqiq yoki arestda turmasligi haqida so‘rovnomani to‘ldirib kelishimizni aytishdi. Bu ma'lumotnoma 1 kunga o‘tarkan xolos.

Zudlik bilan harakat qildik. Uni olib kelganimizdan so‘ng hujjatlarni yana bir ko‘rib chiqishdi. Pasport stol ma'lumotnomasida kseronusxa ustiga muhr bosilgan ekan. Shuning asl nusxasiga qaytadan muhr bostirib kelishni aytishdi. Yana yugurdim. Bugun pasportistka ishlamas ekan. Ish pasportistka bilan ham bitmas ekan. Uning muhri yo‘qligi uchun JEKka borib u yerdan muhr bostirish kerak ekan. JEK xodimasi kvartiraning qarzi yo‘qligini yana bir bor tekshirib muhr urib berdi.

Uy egasi, turmush o‘rtog‘i va men 4 nusxada (biri menga, biri uy egasiga, biri BTIga, biri notariusga) ijara shartnomasini imzoladik. Notarius yana bir kseronusxasini soliqqa topshirishimiz kerakligini ta'kidladi.
Xullasi kalom birgina ijara shartnomasini tuzish uchun quyidagi hujjatlar kerak bo‘ldi:
1. Uyning hujjatlari, oldi-sotdi shartnomalari asl nusxasi.
2. Uyning kadastr hujjatlari asl nusxasi.
3. BTIdan ma'lumotnoma (uyning kadastr hujjatlari bo‘lsa, BTIdan ma'lumotnomaning nima hojati bor? Vaholanki ma'lumotnomadagi qaydlar kadastr hujjatida mavjud. Bu ma'lumotnomaning amal qilish muddati 1 oy ekan xolos).
4. Uy egasining soliqdan qarzi yo‘qligi haqida ma'lumotnoma (Xo‘p qarzi bo‘lsa nima qipti? O‘z nomida bo‘lgan shaxsiy mulkni ijaraga berishga o‘sha qarz monelik qilishi kerakmi?).
5. Pasport stoldan forma-17 va doimiy propiskada turadiganlar haqida ma'lumotnoma (Buning ijara shartnomasiga nima aloqasi bor? Agar propiskasi bo‘lsa, hech kim ijara shartnomasi qilmaydi-ku!).
6. Kommunal idoradan qarzi yo‘qligi to‘g‘risida ma'lumotnoma (Bu ham aslida ijara shartnomasi qilishga monelik qilmaydi. Maqsad, shu bahona qarzni undirish).
7. Uy egasining pasporti.
8. Uy egasining INNsi.

9. Uy egasining turmush o‘rtog‘i ijaraga qo‘yishga rozi ekanligi haqida ma'lumotnoma.
10. Uy egasi turmush o‘rtog‘ining pasporti.
11. Uy egasi va turmush o‘rtog‘i nikoh guvohnomasi.
12. Ijaraga oluvchining pasporti.
13. Ijaraga oluvchining INNsi (ijaraga qo‘ygani uchun soliqni uy egasi to‘lasa, ijaraga oluvchining INNsi nimaga kerak?).
14. Ijarada turuvchilar (rafiqam) pasporti.
15. Ijarada turuvchilar nikoh guvohnomasi (har xil gap-so‘zlar bo‘lmasligi uchun emish).
16. Ijara turuvchi bolalarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi.
17. Ijarada turuvchi rafiqamning INNsi (baraka topgurlar, rafiqam hech qayerda ishlamasa, daromad qilmasa, loaqal u bilan ijara shartnomasi tuzilmagan ham bo‘lsa, INNning nima hojati bor?)
18. Kvartiraning taqiq yoki arestda turmasligi haqida so‘rovnoma (BTIdan avval olingan ma'lumotnomada “mazkur ko‘chmas mulk obekti bo‘yicha taqiq va cheklov yo‘q” deb yozilib, muhr, imzolar qo‘yilgan bo‘lsa, bu so‘rovnomaning nima hojati bor? Eng qizig‘i bu hujjat bir kunga o‘tarkan xolos).

Yaxshi tushunaman, soliqlar – davlatning tayanchlaridan biri. Har bir fuqaro buni anglagan holda soliqlarni vaqtida to‘lashi matlubdir. Lekin 30 nafar soliqdan qochuvchining kasriga 70 nafar qonunga rioya qiluvchi fuqaro yugurmasligi kerak. Mana shu hujjatlarni tayyorlash, kutish va boshqalarga 3-4 kun vaqt ketdi. Vaholanki, ushbu kunlarda ishlab, davlat va jamiyatga foyda keltirish mumkin edi. Biz informatsion texnologiyalar asrida yashayapmiz. Nahot shuncha hujjatni yagona ma'lumot markazi orqali elektron tarzda tayyorlash imkoni bo‘lmasa?
Har xil qoidalar o‘ylab chiqaradiganlar hurmatli hamfuqarolar, kabinetingizning u yog‘idagilarni ham sal o‘ylang. Qog‘ozning ham uvoli bor”.

Top