00:34 / 24.12.2015
3760

WhatsApp’da videoqo‘ng‘iroqlar funksiyasi paydo bo‘lishi mumkin

Facebook kompaniyasi tomonidan sotib olingan WhatsApp ommabop dasturida ehtimol yaqin orada videoqo‘ng‘iroqlar funksiyasi paydo bo‘ladi. Bu funksiya dasturning sinov versiyalariga qo‘shilgani haqidagi ma'lumotlar bor.

Shu tariqa WhatsApp dasturi funksionalligi bo‘yicha Microsoft kompaniyasiga tegishli Skype xizmatidan qolishmaydigan bo‘ladi.

Ma'lumki, joriy yilda messenjer ovozli qo‘ng‘iroqlar funksiyasi bilan ta'minlangandi. Facebook’ning boshqa chat-dasturi – Facebook Messenger’da ovozli qo‘ng‘iroqlar va videoqo‘ng‘iroqlar allaqachon amalga oshirilgan.

Yangi funksiya haqidagi axborot germaniyalik foydalanuvchilardan olindi, ular dasturning sinov versiyalari (beta-versiyalari)da suhbatdosh bilan “yuzma-yuz” gaplashish imkonini beradigan yangi funksiyaning borligini aniqlashgan.

Suhbat paytida ovozni o‘chirib qo‘yish va smartfonning oldi va orqa kameralari o‘rtasida o‘tish mumkin. Suhbatdoshni ko‘rsatib turadigan kichkina kvadrat oynachani ekran bo‘ylab erkin harakatlantirish mumkin.

Taxminlarcha, WhatsApp’ning hammabop versiyalarida yangi funksiya yaqin haftalarda paydo bo‘lishi mumkin.

Top