10:57 / 24.12.2015
5613

Xitoy O‘zbekistonga 11ta yuk elektrovozini yetkazib berdi

Xitoyning CNTIC konsorsiumi – Dalyan elektrovozsozlik zavodi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati lokomotivlar parkini yangilash bo‘yicha hamkorlik ishlari doirasida 11ta “O'z-ELR” nomli yuk elektrovozini yetkazib berdi.

"Yangi elektrovozlar og‘ir yuklarni tog‘ sharoitida tashishga moslashtirilgan bo‘lib, shu turdagi boshqa lokomotivlarga nisbatan bir qator afzalliklarga ega. Jumladan, zamonaviy tormozlanish tizimlari va kompleks xavfsizlik qurilmalari o‘rnatilgani bois elektr energiyasi sarfi 5-8 foizga kamayadi. Ekologik xavfsizlik bo‘yicha xalqaro talablarga javob beradigan lokomotiv «Toshiba» (Yaponiya) kompaniyasida ishlab chiqarilgan ekologik toza asinxron elektr dvigatellari, nosozliklarni tahlil qiladigan mikroprotsessor tizimi bilan jihozlangan. Sarflanadigan materiallar resursi zamonaviy materiallar qo‘llanishi hisobidan 15 foizga ko‘paygan, elektrovozning havo rezervuari har qanday iqlim sharoitida undan ishonchli foydalanishga xizmat qiladi",  – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i Nusratillo Abdullayev.

Elektrovozning quvvati 7200 kVtga teng bo‘lib, konstruktsion tezligi soatiga 120 kilometrni tashkil etadi. Yangi lokomotivlarda qo‘llanilgan zamonaviy texnologiyalar elektr energiyasini tejash barobarida teplovozlarda ishlatilayotgan yonilg‘i sarfi 2-2,5 marta kamayishiga olib keladi.

O‘zA xabariga ko‘ra, yangi “O'z-ELR” elektrovozlar yuk tashish hajmini yanada ko‘paytirish imkonini beradi.

Top