18:12 / 25.12.2015
3689

AQShda taekvondo murabbiyi 5 yoshli shogirdini nokautga uchratgani uchun hibsga olindi

Amerikalik jang san'ati bo‘yicha murabbiy o‘zining besh yashar shogirdiga nisbatan qattiq munosabatda bo‘lgani va uni mashg‘ulotlar jarayonida nokaut holatiga keltirib qo‘ygani uchun ayblanmoqda. Bu haqda Virjiniya shtati politsiyasi ma'lumotlariga tayanib NBC telekanali xabar bergan.

Voqea 21 dekabr kuni Bristou shahridagi jang san'ati akamediyasida sodir bo‘lgan. Taekvondo bo‘yicha murabbiy, 21 yoshli Jastin Brenik (Justin Branick), «besh yashar bolani bilagidan tutib, keyin o‘zining yelkasidan oshirib polga tashlagan», deya ma'lumot beradi mahalliy politsiya. Natijada bolakay hushini yo‘qotgan.

Bola «jiddiy jarohat» (aynan qanday jarohat ekani aytilmagan) olgan va shifoxonaga olib borilgan, deb yoziladi huquqni muhofaza qilish organlari bayonotida.

Brenik hibsga olingan. Uni qamoqdan chiqarib olish uchun 5 ming dollar miqdorida tovon puli to‘lash talab qilinmoqda.

People bergan ma'lumotga ko‘ra, voqeaga nima sabab bo‘lgani noma'lum bo‘lib turibdi. Biroq tergov talqiniga ko‘ra murabbiy shogirdidan g‘azablanib, unga nisbatan kuch ishlatgan bo‘lishi mumkin.

Top