18:00 / 25.12.2015
35368

Manba: AQSh O‘zbekistondagi shaharlarga 50-yillarda 10ta atom bomba tashlashni rejalashtirgandi

AQSh Arxivlar va hujjatlashtirish milliy boshqarmasi Sovet Ittifoqi va Sharqiy Yevropadagi yadroviy zarbalar uchun nishonlar ro‘yxatini e'lon qilgandi.

"Uchinchi jahon urushi boshlanganda, AQSh strategik aviatsiyasining birinchi navbatda yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan nishonlar ro‘yxatiga O‘zbekistonning Andijon, Boysun, Chirchiq, Farg‘ona, Qarshi, Namangan, Nukus, Samarqand va Toshkent shaharlari kiritilgan", deyiladi Sputnik nashri xabarida.

AQSh Arxivlar va hujjatlashtirish milliy boshqarmasi e'lon qilgan hujjatlardan aniqlanishicha, keng omma AQShda 1956 yilda tuzilgan “Strategik aviatsiya nishonlari” ro‘yxati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

O‘sha paytlarda Sobiq Ittifoq va AQSh orasidagi munosabatlar jiddiy keskinlashib, uchinchi jahon yadro urushi boshlanishiga "bir bahya" qolgandi.

50-yillarda texnik rivojlanish darajasi atom bombasini faqat samolyotlar yordamida tashlash imkonni berar edi. Aynan shu maqsadda AQShda o‘ta uzoq masofaga uchuvchi, og‘ir, qit'alararo, strategik bombardimonchi samolyot — Boing B-52 ishlab chiqarilgan edi. Uning ikkinchi nomi — Stratofortress, ya'ni Stratosfera qal'asi bo‘lib, u AQSh Harbiy Havo kuchlari safida 1955 yildan hozirgi kunga qadar xizmat qilib kelmoqda.

1959 yilga kelib AQSh Sobiq Ittifoqdan 10 baravar ko‘p yadro quroliga ega bo‘lgani hisobga olinsa, ushbu urushda AQSh g‘olib chiqishi ehtimoli juda katta bo‘lgan.

AQSh Strategik Aviatsiya shtabi Sharqiy Yevropa, Sobiq Ittifoq, Xitoy va Shimoliy Koreya hududida, urush boshlangan taqdirda, birinchi navbatda yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan minglab nishonlar ro‘yxatini tuzgan. Ushbu nishonlar 2 toifadan iborat bo‘lgan: birinchi — bu aeroportga ega bo‘lgan shaharlar, ikkinchi – yirik sanoat markazlari.

O‘zbekiston hududida birinchi toifadagi shaharlar ro‘yxatiga Andijon, Boysun, Chirchiq, Farg‘ona, Qarshi, Namangan, Nukus, Samarqand va Toshkent shaharlari kiritilgan.

Hujjatda ushbu shaharlarda yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan turli xil obektlar kategoriyasi ko‘rsatilgan. Infratuzilma va og‘ir sanoat obektlari qatorida, har bir shaharda — “aholi” nishon kategoriyasi ham bor.

Hujjatda aniq nishonlar nomlari yoki koordinatalari keltirilmagan, lekin ushbu shaharlarga bittadan nishon ko‘rsatilgan, Faqakt Toshkentda 2ta nishon ko‘rsatilgan. Ikkinchi nishon nomi Tashkent S.E. deb belgilangan (Tashkent South East).

Wikipedia ma'lumotiga qaraganda, 1945 yilda Yaponiyaning Xirosima shahrida 245 ming aholi yashagan. AQSh tashlagan bir dona atom bomba ushbu aholidan 165 mingini yo‘q qilgan. 

50-yillarda O‘zbekistonning Andijon, Boysun, Chirchiq, Farg‘ona, Qarshi, Namangan, Nukus, Samarqand shaharlarning har birida 200 ming yoki undan kamroq aholi yashagani hisobga olinsa, AQSh ushbu shaharlarga bittadan bomba tashlashni rejalashtirgan.

Toshkentda 1959 yilda taxminan 950 ming aholi yashagan. Shuning uchun Toshkent uchun ikkita atom bombasi mo‘ljallangan.

Ushbu hujjatga ko‘ra, Moskva va uning atroflariga 179ta bomba, Leningradga 145ta bomba, Berlinga 91 atom bombasi tashlash rejalashtirilgandi.

Top