17:25 / 25.12.2015
4717

Toshkent va Dushanbe muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib oldi

2015 yilning 24-25 dekabr kunlari Dushanbe shahrida O‘zbekiston va Tojikiston Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari boshchiligidagi ikki davlat delegatsiyalari o‘zaro munosabatlarning holati va rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar hamda dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash hamda mavjud shartnomaviy-huquqiy negizni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muloqot chog‘ida ikki tomon savdo aylanmasidagi tovarlar va xizmatlar nomenklaturasini diversifikatsiya qilish uchun mavjud salohiyatni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdorlik ta'kidlandi. Qayd etilganidek, 2015 yil 22-23 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning uchinchi majlisi hamkorlikning eng dolzarb yo‘nalishlariga e'tiborni qaratish imkonini berdi.

Tomonlar madaniy-gumanitar, ilm-fan va sport sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shuningdek, ShHT va MDHni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan mazkur tashkilotlar doirasida ikki davlat hamkorligi masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tojikiston tomoni ShHT salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston sa'y-harakatini yuqori baholadi. O‘zbekiston tomoni Tojikistonga mazkur tashkilotdagi mamlakatimiz raisligini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik izhor etdi.

Uchrashuvda mavjud muammolarni aniqlash va ularni konstruktiv tarzda birgalikda hal qilish yo‘llarini izlash imkonini yaratuvchi muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish muhimligi ta'kidlandi.

Top