23:23 / 26.12.2015
10119

Rejissyor “Oyqiz ertagi” byudjyeti nimalar uchun sarflangani haqida aytdi

"Oyqiz ertagi" filmi rejissyori Akbar Bekturdiyev bu filmining ishlanishi uchun ajratilgan 1,6 milliard so‘m mablag‘ning nimalarga sarflangani va sinab ko‘rilgan aktrisalar haqida ma'lumot berdi. Bu intervyu Darakchi.uz saytiga joylashtirilgan.

"Har bir aktyorning liboslariga katta mablag‘ ketdi, o‘nga yaqin dekoratsiyalar qurildi. Kompyuter grafikalari yaratildi. Xivaning o‘zida 50-60 nafar aktyorning bir oy yotib turishi, ovqatlanishi ta'minlandi", deydi u dastlabki savolga javoban.

U filmga tanlangan nom borasida gapira turib, bu nom filmning boshidan to oxirigacha ertak aytib beradigan asosiy qahramon ismidan olinganini bildiradi. Filmning ikkinchi nomi "Cho‘l malikasi" bo‘lgan.

Filmni suratga olish jarayonida 25 kun Xivaning Ichan Qal'asida ishlangan. Yana besh kuni yozning issiq kunida cho‘lda o‘tgan.

"Alohida kaskadyor guruhimiz ham bor edi. Ammo Yigitali Mamajonov o‘zining jang sahnalarini o‘zi kaskadyorsiz bajardi. Yulduz Rajabovaga ham qoyil qolish kerak, u ancha jonbozlik ko‘rsatdi. Aktyorlarimiz kino suratga olish ishlari boshlanishidan avval otda sahna ko‘rinishlari, qilich bilan jang sahnalarini mashq qilgan edi", deydi rejissyor filmdagi murakkab jang sahnalari haqida.

"Bir kunda 3ta epizod olish kerak bo‘ldi. “O‘zbekkino”ning filmni suratga olishga belgilab berilgan muddati tugashi kerak edi. Bu filmda jang sahnalari, qilichbozlik sahnalari bo‘lgani sababli bir kunda belgilangan rejada 3ta epizod olishimiz kerak bo‘lsa, biz bitta ham ololmagan vaqtlarimiz bo‘ldi. Bir kunda yarimta epizod olishimizga to‘g‘ri kelgani uchun vaqtimiz ko‘p ketib qolardi", deya eslagan u suratga olish jarayonidagi muammolar haqida.

U filmni faqatgina tomoshabinlar uchun suratga olganini ta'kidlab, filmning kassabopligidan ko‘ra, tomoshabopligi to‘g‘risida qayg‘urilganini ta'kidlagan.

Uning ma'lum qilishicha, filmni suratga olish jarayoni 2014 yilning iyunida boshlangan, ammo ayrim muammolar tufayli o‘rtada jarayon to‘xtab qolgan.

U filmning asosiy qahramoni ijrochisi uchun jiddiy sinov o‘tkazilgani aytgan, lekin sinovdan o‘ta olmagan aktrisalar haqida to‘xtalishni joiz ko‘rmagan.

Internetda “Oyqiz ertagi” treyleri paydo bo‘ldi

Top