21:46 / 27.12.2015
3524

Samarqandda Beruniyning “Pamyatniki minuvshix pokoleniy” kitobining yangi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialida Abu Rayhon Beruniyning “Pamyatniki minuvshix pokoleniy” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” – “Al-osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya”) kitobining yangi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Toshkentdan maxsus tashrif buyurgan, buyuk allomamizning ushbu kitobini nashrga tayyorlagan professor Ashraf Ahmedov ishtirok etdi.

Fizika-matematika fanlari nomzodi, tarix fanlari doktori, professor Ashraf Ahmedov allomaning ushbu asarini to‘ldirdi, to‘g‘rilashlar kiritdi hamda unga kirish maqolasini, sharhlar va ko‘rsatkichlar yozdi. Beruniyning bu asari 1957 yilda sharqshunos olim M.Sale tomonidan ruschaga tarjima qilingan.   

Ashraf Axmedov o‘z nutqida Beruniyning kitobi birinchi marta chiqqanidan deyarli 60 yil o‘tganini ta'kidlab o‘tdi. Bu vaqt davomida tarix, arxeologiya, sharqshunoslik bo‘yicha ko‘plab ilmiy adabiyotlar chop etildi hamda Beruniy merosini o‘rganuvchi maxsus yo‘nalish – beruniyshunoslik paydo bo‘ldi.

Olim Beruniy asarining ruscha tarjimasini birinchi marta chop etgan M.Salening katta xizmatlarini ham ta'kidlab o‘tdi. “Bu ish o‘sha vaqtda mamlakatda katta sensatsiya bo‘lgan. Biroq shu bilan birga nashr bir qator kamchiliklarga ega bo‘lgan: matndan bir qator parchalar tushib qolgan, ba'zi atama va iboralar noto‘g‘ri tarjima qilingan, izohlar to‘liq bo‘lmagan”, deb aytmoqda Ahmedov. Ahmedovning fikricha, tarjimadagi ba'zi kamchiliklar Salening matematikadan bilimlari yiroq bo‘lgani bilan bog‘liq bo‘lgan.   

“Aynan shuning uchun Beruniy asarining to‘ldirilgan va tuzatilgan yangi nashrini tayyorlashga ehtiyoj paydo bo‘ldi”, deb aytmoqda olim. Kitobning yangi nashrida 1636 ta sharh berilgani holatining o‘zi katta ko‘lamli ish qilinganidan darak beradi.

Taqdimotda Imom al Buxoriy xalqaro markazi direktori o‘rinbosari Baxtiyor To‘rayev, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti direktori Amriddin Berdimurodov va professor Yusuf Abdullayev kabi bir qator olimlar ishtirok etdilar. Ular Ashraf Ahmedovning ijodiga yuqori baho berishdi. Professor Yusuf Abdullayev ajdodlarimiz merosini o‘rganish katta ahamiyatga egaligini va butun insoniyatni birlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishini ta'kidlab o‘tdi. 

Top