19:08 / 28.12.2015
4097

“Ijtimoiy fikr”: 2015 yil o‘zbekistonliklarning 90,8 foizi uchun barqaror va samarali yil bo‘ldi

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi «O‘zbekiston: jamoatchilik fikri – 2015» mavzusida ijtimoiy tadqiqot o‘tkazdi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligining “Ijtimoiy fikr” markazi materiallariga asoslanib xabar qilishicha, ushbu so‘rovda aholining turli ijtimoiy guruhlari vakillari – davlat xizmatchilari, tadbirkor va fermerlar, talaba-yoshlar, ishchilar, pensionerlar, barcha millat va diniy konfessiyalar vakillari ishtirok etdi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, 2015 yil o‘zbekistonliklarning 90,8 foizi uchun barqaror va samarali yil bo‘ldi.

So‘rov jarayonida aholining pul jamg‘armalari hajmi oshayotgani ma'lum bo‘lgani ham buning yorqin tasdig‘idir. Ular jamg‘armalar hisobidan uzoq muddat foydalanishga mo‘ljallangan tovarlar, qimmatbaho ko‘chmas mulk xarid qilmoqda, farzandlari ta'lim-tarbiyasiga mablag‘ sarflamoqda. Bugungi kunda fuqarolarning qariyb 60 foizi oilasida avtomobil, 80 foizdan ortig‘i esa zamonaviy maishiy-texnika va uzoq muddat foydalanishga mo‘ljallangan buyumlar mavjudligini qayd etdi.

So‘rov natijalari shundan dalolat beradiki, 2013-2014 yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar bilan taqqoslaganda, 2015 yilda aksariyat ko‘rsatkichlar bo‘yicha vaziyat yaxshilangan. Amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida oilalarning mutlaq ko‘pchiligi (90 foizdan ortig‘i) shaxsiy uy-joyi yoxud kvartirasiga ega. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2015 yilda kommunal xizmatlar bo‘yicha fuqarolarning qarzdorligi kamaygan, zamonaviy ta'lim, ish haqini o‘z vaqtida olish, uy-joy, kvartira holatini sifatli ta'minlash bilan bog‘liq masalalar hal etilgan.

Top