22:17 / 28.12.2015
2809

Aviasozlar ikkinchi uchuvchidan voz kechishga imkon beruvchi tizimni ishlab chiqishmoqda

Yirik aviasozlik kompaniyalari, jumladan Airbus va Boeing yo‘lovchi va yuk samolyotlari ekipajida ikkinchi uchuvchilardan voz kechishga imkon beruvchi avtomatlashtirilgan tizimni ishlab chiqmoqda. Bu haqda The Times nashri ma'lum qildi.

Yangi texnologiya ustida umumiy hisobda 35 ta aviasozlik kompaniyasi va tadqiqot guruhlari ish olib bormoqda. Kutilishicha, bunday tizimning tatbiq qilinishi kompaniyalarga xodimlarda tejashga va shu tariqa parvozlar tannarxini pasaytirishga hamda inson omili bilan yuzaga keladigan xatolar miqdorini kamaytirib, xavfsizlikni oshirishga imkon beradi. Ushbu loyihani Yevrokomissiya moliyalashtirmoqda.

Loyiha ACROSS deb nomlanib, “stress va ishchi yuklamani kamaytirish uchun takomillashtirilgan uchuvchi kabinasi” deb o‘qiladi. Gap, o‘z mohiyatiga ko‘ra, yomon ob-havo sharoitida, favqulodda vaziyatlar hamda o‘ta yuklangan havo hududi vaziyatida samolyotni boshqara oladigan takomillashgan avtopilot haqida ketmoqda. Ishlanmani yaqin yarim yil ichida tugatish rejalashtirilmoqda.

Biroq ekspertlar tizim uning oldiga qo‘yilgan vazifalarni eplay olmasligidan xavotirlanishmoqda. Nashr keltirayotgan ma'lumotlarga ko‘ra, parvozlar paytida xavfli vaziyatlarning katta qismini avtomatika emas, balki aynan uchuvchilar bartaraf etishadi. Shu bilan birga loyiha mualliflarining aytishicha, 2010 yildagi 60 foiz aviahalokatlar ekipajning aybi bilan yuz bergan.

Samolyot ekipaji a'zolari ko‘plab hollarda aviahalokatlar sababchisiga aylanadilar. Dekabrning boshida Mumbay aeroportida Air India aviakompaniyasi texnigi uchuvchi aybi bilan halok bo‘lgan: texnik samolyotga xizmat ko‘rsatayotganda ikkinchi uchuvchi dvigatelni yoqib yuborgan, oqibatda ishlayotgan dvigatel texnikni o‘z ichiga tortib olgan.

Yana bir shov-shuvli holat joriy yilning 24 martida yuz bergan. Germanwings aviakompaniyasining Airbus A-320 samolyotining ikkinchi uchuvchisi Andreas Lyubits o‘z sherigining yo‘qligida kabinaga qamalib olib, ongli ravishda samolyotni toqqa olib borib urgan. Oqibatda 150 yo‘lovchi va ekipajning 6 a'zosi halok bo‘lgan.

Top