18:49 / 28.12.2015
8059

Britaniyalik Jon Biden Tinch okeanini yolg‘iz o‘zi suzib o‘tgan ilk shaxsga aylandi

Britaniyalik Jon Biden (John Beeden) Shimoliy Amerikadan Avstraliyaga yolg‘iz o‘zi qayiqda Tinch okeani bo‘ylab to‘xtovsiz suzib borgan yer yuzidagi ilk odamga aylandi. The Guardian nashrining xabar berishicha, sarguzashtchi buning 209 kun vaqt sarfladi. 

Biden sayohatini iyun oyining boshida San-Frantsiskodan boshlagandi. Avvaliga uning safariga 140dan 180 kungacha muddat ketishi va oktabr oyi o‘rtalariga qadar davom etishi taxmin qilingandi. Biroq ob-havo sharoiti tufayli u Kerns portiga (Kvinslend shtati, Avstraliya) faqatgina 27 dekabr kuni yetib bordi. 

Biden o‘zining olti metrlik Socks II qayig‘ida kuniga 15 soat eshkak eshgan. O‘z sayohati davomida 53 yoshida sarguzasht ustasi 6,1 ming dengiz mili (11,2 ming kilometr) masofani bosib o‘tgan.

«Men bu sayohatni bu darajada qiyin bo‘ladi deb o‘ylamagandim. Bunday natijaga erishgan birinchi inson bo‘lish bu — aqlbovar qilmas natija. Men hozirgacha bunday natija qayd etganimga ishona olmayapman», — deya ta'kidlagan u. 

2001 yilda boshqa bir britaniyalik Jim Shexdar (Jim Shekhdar) Tinch okeanni kesib o‘tgan — u Janubiy Amerikadan Avstraliyaga sayohat qilgandi. Uning sayohati uchun 274 kun vaqt ketgan.

2014 yilda qayiqda yolg‘iz sayohatga rossiyalik Fedor Konyuxov chiqqan. Bidendan farqli ravishda, u Shimoliy emas, Janubiy Amerikadan yo‘lga chiqqan. 159 kun davomida Konyuxov Chilining Konkon shahridan Avstraliyaning Mululaba portigacha yetib borgan.

Top