12:48 / 28.12.2015
5611

Kudrin Rossiyaning Turkiyaga qarshi sanksiyalariga salbiy munosabat bildirdi

Rossiyaning sobiq moliya vaziri, fuqarolik tashabbuslari qo‘mitasi rahbari Aleksey Kudrin Rossiyaning Turkiyaga qarshi sanksiyalariga salbiy munosabat bildirdi.
“Rossiya sanksiyalarga nisbatan pozitsiyasini o‘zgartirdi. Mening bu boradagi fikrim esa o‘zgarmadi: men iqtisodiy sanksiyalarga salbiy munosabatdaman – ham Rossiyaga qarshi, ham Turkiyaga qarshi joriy qilinganlariga”, - uning so‘zlarini keltiradi Interfaks agentligi.

Kudrinning fikricha, Su-24 halokatidan so‘ng Anqaraga qarshi siyosiy demarshlar uyushtirish bilan cheklanish lozim edi. Iqtisodiy cheklovlar esa birinchi navbatda Rossiya biznesiga zarar keltirmoqda: sanoat uchun zarur butlovchi qismlar yetib kelmayapti, malakali ishchilar ketib qolmoqda.

Kudrinning ta'kidlashicha, qoidalarning o‘zgartirilishi har doim iqtisodiyot institutlariga zarar keltiradi.
“Institutlar bugunning iqtisodiyotidagi eng muhim narsadir. Bugun mamlakatlar yetkazilgan kartoshka yoki ishlab chiqarilgan elektron chiplar miqdoriga ko‘ra poyga o‘ynamaydi, balki har doim ishlab chiqarishni yangilovchi va tashkil etuvchi institutlar yaratish bilan shug‘ullanadi. Yirik davlatlar, qo‘shnilar bilan ochiq hamkorlik har doim mamlakat o‘sishining qo‘shimcha omili bo‘ladi”, - xulosa qildi mutaxassis.

Top