19:32 / 28.12.2015
6004

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida taqdirlash marosimi o‘tkazildi

27 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida 2014-2015 yillarda Olimpiada o‘yinlari dasturiga kirgan sport turlari bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilar hamda 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olgan sportchilar, ularning ota-onalari, murabbiylari, shuningdek, O‘zbekistonda olimpiya harakatini rivojlantirishga munosib ulush qo‘shayotgan insonlarni mukofotlash marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Bahodir Xodiyev, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, senator Mirabror Usmanov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish Istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylanganligini, bu esa o‘z navbatida eng avvalo jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror topishida hamda xalqaro sport maydonlarida qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar salmog‘ini yuksalishida asosiy omil bo‘layotganini alohida ta'kidlab o‘tishdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston prezidentining 2008 yil 25 noyabrdagi “Jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishgani uchun O‘zbekiston Respublikasi sportchilarini mukofotlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra 2014-2015 yillarda o‘tkazilgan Jahon chempionatida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilarni taqdirlash marosimi boshlandi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, mukofotlangan jami 18 nafar sportchining 14 nafari 2015 yili bo‘lib o‘tgan jahon chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan. Mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, ushbu ko‘rsatkich mamlakat istiqlolga erishgandan buyon o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida qayd etilgan eng yuqori natija hisoblanadi.

Ma'lumki, joriy yilda “Rio-2016” o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun ko‘plab musobaqalar o‘tkazildi. Ularning aksariyati jahon chempionatlari bo‘lganligi bois, har bir litsenziya uchun kurash o‘ta murosasiz ruhda kechdi.

E'tiborlisi, kuchli raqobat ostida bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqalarda mamlakatimiz sportchilari 26ta Olimpiada hamda 24ta Paralimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalariga ega bo‘lishdi.

Jumladan, XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga o‘zbekistonlik yengil atletikachilar 7ta, boks, baydarka va kanoeda eshkak eshish hamda og‘ir atletika sport turlarida 5tadan, taekvondo (WTF), suzish, erkin va yunon-rim kurashida bittadan yo‘llanma qo‘lga kiritildi.

Paralimpiyachilar esa sportning yengil atletika (10ta), dzyudo (8ta), suzish (4ta), shuningdek, o‘q otish hamda pauerlifting kabi turlarida bittadan yo‘llanmaga ega bo‘lishdi.

Tadbirning to‘liq tafsilotlari bilan O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi sayti - Olympic.uz'da tanishib olish mumkin.

Top