21:43 / 28.12.2015
5133

Parijdagi xudkushlardan birining onasi o‘g‘lining terakti oqibatida qurbonlar bo‘lmaganidan “faxrlanishini” aytdi

13 noyabrda Parijdagi “Stad de Frans” stadionida teraktlar davomida o‘zini portlatib yuborgan terrorchi-xudkushning onasi o‘g‘lining terakti oqibatida qurbonlar bo‘lmaganidan “faxrlanishini” aytdi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi ayolning Maghreb TV telekanali efirida aytgan so‘zlariga iqtibos keltirgan holda xabar bermoqda.

Belgiyada yashovchi, o‘zini Fotima Xadfiy deb tanishtirgan ayolning aytishicha, u o‘z o‘g‘lining terrorchi bo‘lganidan o‘g‘li unga Suriyadan qo‘ng‘iroq qilmaguncha bexabar bo‘lgan. Bungacha ayol o‘g‘lini Marokashdagi yaqinlarining yoniga ketgan deb o‘ylagan.

Bundan keyin, 2015 yil boshida ayolning uyiga Belgiya politsiyasi tintuv qilgani kelgan, biroq Bilol Xadfiy qarindoshlarining terrorchilar bilan aloqasi borligi aniqlanmagan.

Bilol Xadfiy 13 noyabrda o‘zini Parijdagi teraktlar paytida portlatib yuborgan va buning oqibatida undan boshqa qurbonlar bo‘lmagan.

Ayolning aytishicha, uning o‘g‘li Belgiyada tahqirlangan va aynan shu holatdan terrorchilar uni yollashda foydalanishgan. Ayol o‘g‘li radikal islomga qo‘shilganidan bexabar bo‘lgan va dastlab u o‘g‘lining spirtli ichimliklar va marixuana iste'mol qilmay qo‘yganidan xursand bo‘lib yurgan, biroq keyin Bilol uyini tark etib, terrorchilar safiga qo‘shilgan.

Noyabrda Parijda amalga oshirilgan bir qator teraktlarda 130 kishi halok bo‘lgandi.

Top